Yangi avtomobillar ozodalikka xizmat qiladi

14:35 25 Dekabr 2023 Jamiyat
437 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Navoiy shahridagi maishiy chiqindilar olib chiqib ketish bilan bogʻliq ishlar tizimini yanada takomillashtirish, sanitar tozalash korxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda xizmat koʻrsatish sifatini oshirish maqsadida “Stimul Navoiy” MCHJga lizing asosida 3 ta maishiy chiqindilarni yigʻish texnikalari olib kelindi.

Ushbu texnikalar Navoiy shahrining barcha mahallalaridagi aholi tomonidan hosil boʻlgan maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish qamrovini oshirib, shaharning “Stimul Navoiy” MCHJ xizmat koʻrsatayotgan “Binokor”, “Bunyodkor” va “Tinchlik” mahallalarida sanitariya va obodonlashtirish xizmatlarining yaxshilanishiga yaxshigina stimul boʻlishi tayin.

Ayni chogʻda mavzudan kelib chiqib yana bir mulohazani bayon etsak. Gap shundaki, Karmana tumanining Navoiy shahriga shundoqqina tutash Narpay MFY aholisi tumandagi 3-sektor rahbarining sayyor qabulida hududdan maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish va zararsizlantirish korxonalariga yetkazish bilan bogʻliq uzilishlar oʻzlarini koʻpdan buyon qiynab kelayotganligi, natijada katta yoʻl yoqalari hamda ariq va zovurlar boʻyida sunʼiy chiqindixonalar paydo boʻlganligini koʻtarishdi.

Sektor rahbarining amaliy yordami bilan yoʻllar atrofi, ariq va zovurlar yoqalari chiqindilardan tozalandi. Lekin muammo butunlay bartaraf etildi, deyishga hali erta. Boisi maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish tizimli yoʻlga qoʻyilmas ekan, mazkur chora vaqtinchalik samaraga ega boʻlib qolaveradi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер