“Yangi Andijon”da Ipoteka markazi ish boshladi

18:48 03 Iyul 2023 Jamiyat
679 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Mamlakatimizda keyingi yillarda aholini uy-joy bilan taʼminlash eng muhim vazifalardan biriga aylandi. Shu bois, yurtimizda turarjoy obyektlarini barpo etish koʻlami yildan-yilga kengayib bormoqda. Ammo bu borada aholini qiynab kelayotgan muammolar ham yoʻq emas. Masalan, fuqaro bitta uyni olgunicha oʻnlab idoralarga qatnashi, bir necha oʻn kunlab vaqtini sarflashi lozim boʻladi. “Yangi Andijon”da shaharchasida tashkil etilgan Ipoteka markazi bunday ovoragarchiliklarga barham beradi. Chunki aholini uy bilan taʼminlashga aloqador barcha tashkilotlar endi bitta binoda faoliyat olib boradi.

Foto: “Xalq soʻzi”

— Maqsadimiz aholiga har tomonlama qulaylik yaratishdan iborat, — deydi Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov markazning ochilish marosimidagi nutqida. — Endilikda idoralararo sarson boʻlishga hojat yoʻq. Hujjatlarni rasmiylashtirishda davlat xizmatlari oʻzaro integratsiya qilinib, raqamlashtirish tizimidan foydalaniladi.

Aytish joiz, Andijon tumanining “Istiqlol” massividagi 4 ming gektar maydonda qad rostlayotgan “Yangi Andijon” shaharchasi yaqin istiqbolda 440 ming nafar aholi istiqomat qilishi koʻzda tutilmoqda. Loyiha doirasida bunyodkorlik ishlari 10 yil davomida amalga oshiriladi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Ayni paytda qurilish ishlarining birinchi bosqichida 121 ming nafar fuqaro uchun koʻp qavatli binolar qad rostladi. Shu raqamlarning oʻziyoq Ipoteka markazini tashkil etish bugungi kun uchun juda zarur ekanligidan dalolat berib turibdi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер