“Yangi Andijon” shahrida ilgʻor texnologiya asosida oqova suv xizmati koʻrsatiladi
Foto: Xalq so‘zi
Avval xabar berganimizdek, davlatimiz rahbarining 2021-yil 12-iyulda qabul qilingan “Yangi Andijon” shahrini barpo etish ishlarini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qaroriga asosan Andijon tumanidagi 4 ming gektardan iborat oʻzlashtirilmagan adirliklari oʻrnida yangi shahar qad rostlamoqda. Bugun chinakam bunyodkorlik markaziga aylangan ushbu manzilda 440 ming aholi uchun koʻp qavatli turar joylar, ijtimoiy va xizmat koʻrsatish obyektlari, kichik sanoat va yashil hududlar bunyod etish koʻzda tutilgan. Hozirda uning birinchi bosqichi amalga oshirilyapti. Loyiha foydalanishga topshirilgach, 121 ming nafar hamyurtlarimiz oʻz uylariga ega boʻladilar.

Ayni paytda bu yerda jahon tajribasi asosida oqova suv xizmati koʻrsatish uchun 2,5 gektar maydonda markaziy va ichki tarmoqlarni qurish ishlari ham boshlab yuborilgan.

— 90 mlrd. soʻmlik ushbu loyihani amalga oshirish uchun Turkiya, Chexiya, Germaniya tajribasi va texnologiyalaridan foydalanmoqdamiz, — deydi “Lust moment” masʼuliyati cheklangan jamiyati bosh muhandisi Sharifjon Rahmatov. — Qurilish ishlarida sifatli mahalliy xomashyolarni qoʻllayapmiz.
Loyihaga koʻra zamonaviy inshoot bir kunda 10 ming metr kub sigʻimdagi oqova suvni qabul qilib, uning 97 foizini qayta ishlash orqali xoʻjalik ishlariga yoʻnaltiradi. Yaʼni qishloq xoʻjaligi uchun isteʼmolga yaroqli holatga keltirilgan suv “Yangi Andijon” shahridagi yashil maydonlarni sugʻorishda qoʻllaniladi. Bu esa suv taqchilligi sharoitida har tomonlama samaralidir.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring