Yangi axborot markazi nima uchun tashkil etildi?
BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) hamda Global ekologik jamgʻarmasining “Oʻzbekistonning togʻli va vodiy hududlarida oʻrmonlarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi bilan birgalikda «Oʻrmonloyiha» loyihalash institutida axborot markazi va geoaxborot tizimlari laboratoriyasi (GIS) tashkil etildi. Yangi obyektlar oʻrmonlarni hisobga olish va monitoring qilishning zamonaviy tizimiga asos boʻladi va Oʻzbekistonning oʻrmon xoʻjaliklarini raqamlashtirishiga yordam beradi.
Axborot markazi oʻrmonlarni barqaror boshqarish maqsadida axborot xizmatlarini taqdim etish yoʻli bilan, axborot saqlash va tarqatish vazifasini bajaradi. Oʻz navbatida, GIS laboratoriyasi maydonli (geografik) axborotlar va zarur obyektlardagi ular bilan bogʻliq maʼlumotlarni yigʻish, saqlash, tahlil qilish va grafik vizuallashtirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratib beradi. Axborot markazi va GIS laboratoriyasi oʻrmon ekotizimini tahlil qilishni takomillashtirish, yoʻldosh navigatsiyasi vositalaridan foydalanib oʻrmon fondi yerlarini toʻliq hisoblash va monitoring qilinishini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan. Oʻrmon xoʻjaligi mutaxassislarida oʻtqazilgan oʻrmon daraxtlarining zamonaviy roʻyxatini yaratish va uni Oʻrmon xoʻjaligining yagona elektron maʼlumotlar bazasiga kiritish imkoni paydo boʻladi.
— Yangi axborot markazi va GIS laboratoriyasining ochilishi oʻrmon barpo etilishiga taalluqli boʻlgan axborotlarni anʼanaviy saqlash usulidan zamonaviy elektron-raqamli tashuvchilarga oʻtkazilishini bildiradi, — deydi FAO/GEF ning “Oʻzbekistonning togʻli va vodiy hududlarida oʻrmonlarni barqaror boshqarish” loyihasi texnik koordinatori Olimjon Qahhorov. — Endi bizda oʻrmon fondi yerlarining holati toʻgʻrisida kelib tushayotgan maʼlumotlarni real vaqt rejimida ishlab chiqish imkoni boʻladi. Bularning barchasi oʻrmon ekotizimining tahlil qilinishini yaxshilash, degradatsiya va choʻlga aylanish bilan kurashish boʻyicha oʻz vaqtida choralar koʻrish, uzoq muddatli oʻrmon xoʻjalik tadbirlarini rejalashtirish imkonini beradi. GIS laboratoriyalari tufayli zamonaviy yoʻldosh tizimlari yordamida katta aniqlik bilan raqamli xaritalar yarata olamiz. Avval 2-3 yilda eskirib qoladigan qogʻoz xaritalarga kiritish yoʻli bilan bir yilda 2-5 ta oʻrmon tashkilotlarini hisoblashni amalga oshirgan boʻlsak, endi oʻrmon xoʻjaliklaridagi oʻzgarishlarni real vaqt rejimida elektron xaritalarga kiritish mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring