Yanada halokatli virus. JSST yangi pandemiya ehtimoli haqida ogohlantirdi

19:51 31 Yanvar 2021 Dunyo
2228 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti Nipax yoki NiV deb nomlanuvchi virus tufayli yangi pandemiya kelib chiqishi mumkinligi haqida ogohlantirdi, deb yozadi «Izvestiya».

Ushbu virus ilk bor 1999-yilda Malayziyaning Nipax daryosi boʻyida choʻchqa boqish bilan shugʻullangan fermerlar orasida aniqlangandi. Kasallikning nomi ham shundan kelib chiqqan. Shundan soʻng Janubiy Osiyoda mazkur infeksiya tarqalgan 12 ta oʻchoq paydo boʻlgan.

Maʼlum qilinishicha, NiVʻga chalingan bemorlar oʻrtasida oʻlim koʻrsatkichi 40 — 75 foizni tashkil etadi. Boz ustiga, u juda tez tarqaladi. Infeksiya ham belgisiz kechishi, ham oʻlimga olib keluvchi ensefalit(bosh miyaning yalligʻlanishi)ni keltirib chiqarishi mumkin. Hozircha unga qarshi dori yaratilmagan.

Uchar tulkilar(xuddi koʻrshapalaklar kabi qoʻlqanotlilar turkumiga kiruvchi sut emizuvchi) virusning tabiiy tarqatuvchilari hisoblanadi. Ular asosan Janubiy Xitoy, Janubi-sharqiy Osiyo, Yangi Gvineya, Avstraliya va Afrikada keng tarqalgan boʻlib, asosan mevalar nektarlari bilan oziqlanadi. Bu maxluqlarning oʻzlariga esa infeksiya salbiy taʼsir qilmaydi.

Olimlarning virus odamlarga kasal choʻchqalar, shuningdek, mevalar(birinchi navbatda xurmo(finik), finik palmasi sharbati) isteʼmolidan soʻng yuqqanini aniqlashgan.

JSST NiVʻdan profilaktika qilish uchun uchar tulkilarni finik palmasi va boshqa sarxil oziq-ovqat mahsulotlariga iloji boricha yaqinlashtirmaslikni tavsiya etmoqda. Yangi yigʻib olingan finik sharbatini qaynatish, mevalarini esa yuvish hamda tanovvul qilishdan oldin poʻstlogʻini olib tashlash kerak.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti oʻz navbatida virusni odamdan odamga yuqish xavfini kamaytirish yoʻllarini ham aytdi. Buning uchun NiV infeksiyasi bilan kasallangan bemor bilan aloqa qilishdan tiyilish, qoʻllarni doim yuvib yurish va individual himoya vositalaridan foydalanish zarur.

  

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер