Yana uch hududda maishiy chiqindilar boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar uchun yagona toʻlov tariflari tasdiqlandi
Toshkent shahri, Buxoro hamda Namangan viloyatlarida ham maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlar uchun yagona toʻlov tariflari belgilandi.
Unga koʻra, Toshkent shahri boʻyicha aholi uchun 7500 soʻm hamda yuridik shaxslarga 1 tonna uchun (QQSsiz) 188 ming 808 soʻm va 1 m³ uchun (QQSsiz) 89 ming 977 soʻm toʻlov miqdori belgilandi. Buxoro viloyatida esa aholi uchun shaharlarda 1 kishiga oyiga 5000 soʻm, tumanlarda 4000 soʻm hamda yuridik shaxslarga 1 tonna uchun (QQSsiz) shaharlarda 186 ming soʻm, tumanlarda 160 ming soʻm va 1 m³ uchun (QQSsiz) shaharlarda 83 ming soʻm, tumanlarda 71 ming soʻm toʻlov miqdori maʼqullandi.
Namangan viloyati boʻyicha aholi uchun 5000 soʻm hamda yuridik shaxslarga 1 m³ uchun (QQSsiz) 50 ming soʻm toʻlov miqdori belgilandi.
Taʼkidlash joizki, ushbu chora-tadbirlar davlatimiz rahbarining “Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bogʻliq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda “Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarorlari va Vazirlar Mahkamasining “Chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Qarori ijrosini taʼminlash maqsadida amalga oshirilmoqda.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tashabbusiga koʻra Xalq deputatlari hududlar Kengashlarining tegishli sessiya qarorlari bilan belgilangan mazkur majburiy yagona tariflar sanitar tozalash korxonalari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, yangi ish oʻrinlari yaratilishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring