Yana bir oʻzbek olimi AQSHning Nyu-York fanlar akademiyasi aʼzoligiga qabul qilindi
Qaysiki jamiyat ilm yoʻlidan borib, uning vositalarini toʻgʻri tanlagan holda taraqqiyotini qurgan boʻlsa, yuksak choʻqqilarga erishadi. Bunga zamonaviy dunyo guvohdir. Mamlakatimizda taʼlim va ilm-fanga qaratilayotgan eʼtibor sabab nafaqat yurtimiz miqyosida, balki jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilayotgan oʻzbek olimlari soni yildan yilga ortib bormoqda.
Bilimli inson, umrini ilm olish, izlanishga baxshida etgan har qanday odam el-yurt oldida hamisha eʼzozda, yuzi yorugʻ, martabasi ulugʻdir.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti «Makroiqtisodiy tahlil va prognozlashtirish» kafedrasi professori Bozorboy Berkinov ham bu haqiqatni oʻz hayoti va faoliyati misolida yaqqol isbotlab kelyapti.
Gap shundaki, ilm-fan, maʼrifat fidoyisi, jonkuyar olim AQSHning Nyu-York fanlar akademiyasi aʼzoligiga qabul qilindi. Bu xushxabar olimning oila aʼzolari, yaqinlari qatori butun tahririyatimiz jamoasini ham nihoyatda xursand qildi.
Shu oʻrinda aytish joizki, Bozorboy Berkinov uzoq yillardan buyon ilmiy faoliyat bilan samarali shugʻullanib kelmoqda. Uning muallifligida 10 ta monografiya, 30 ta oʻquv-qoʻllanma hamda 5 ta darslik, 10 ga yaqin risolalari chop etilgan. Shuningdek, u dunyoning qator davlatlarida boʻlib, oʻz mutaxassisligi boʻyicha tajriba hamda malakasini oshirgan. Uning ilmiy rahbarligida bir nechta iqtisodiyot fanlari nomzodi, iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), iqtisodiyot fanlari doktori (DSc) yetishib chiqqani esa quvonarli, albatta.
B. Berkinovni hayotidagi yana bir ulkan muvaffaqiyat bilan tabriklab, kelgusi ilmiy-ijodiy faoliyatida yangi ufqlar yor boʻlishini tilab qolamiz.
«Xalq soʻzi».
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring