Yana bir global iqtisodiy inqiroz eshik qoqmoqda. Koʻrilayotgan choralar qanchalik mutanosib?

18:11 10 Aprel 2020 Iqtisodiyot
3864 0

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Yana bir global iqtisodiy inqiroz eshik qoqmoqda. Koʻrilayotgan choralar qanchalik mutanosib?

2008-yil va 2020-yilgi global moliyaviy hamda iqtisodiy inqirozlarning koʻlami qanday? Koʻrilayotgan choralar qanchalik mutanosib? Dastlabki tahlillar va mulohazalar.

Koronavirus va ilmu maʼrifat toʻqnashuvi

Har toʻrt yilda bir takrorlanib, bir kunga uzunroq boʻlgan, bu safar chiroyli raqamlar uzra tizilgan 2020 kabisa yiliga juda katta orzu va rejalar bilan kirib keldik. Oʻzbekistonda unga “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivoj­lantirish yili” deya nom berildi. ­Binobarin, u yurtimizda iqtiso­diyotni ilm-fanga asoslangan innova­sion rivojlantirish va ­raqamli texnologiyalarni keng joriy etishning mustahkam qadami qoʻyiladigan buyuk dovonning boshlanishi ­sifatida barchamizni ­ruhlantirdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilga ana shunday nom berishni taklif qilganida, menimcha, mamlakat va millatni kutayotgan yana bir katta sinov borligi, undan munosib oʻtishda mana shunday yoʻl lozimligini koʻrsatgandek tuyuladi. Buni tushunib yetish uchun uzoqqa borish shart emas: koronavirus balosi, bir tomondan, dunyoning ajralmas qismi sifatida Oʻzbekistonda ham ilmu fan va maʼrifatga boʻlgan ehtiyoj qanchalar yuksak ekani, bunga hali judayam koʻp eʼtibor berish, uzluksiz investitsiya ­kiritish lozimligini koʻrsatgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, bu balo hammani oʻz uyida qoldirdi va bundan keyin ­raqamli texnologiyalarsiz yashash mumkin emasligini ­isbotladi.

Hech bir mubolagʻasiz, 2020-yil nafaqat mustaqil mamlakatimiz, balki butun dunyo tarixida oʻchmas iz qoldiradigan, nafaqat jahon iqtisodiyotini, balki insoniyatning yashash tarzini mutlaqo oʻzgartirib yuborayotgan muhim jarayonlarning ibtidosi boʻlib qoladi.

Avval neft narxi, keyin COVID-19 balosi...

Xabaringiz bor, 2019-yilning oxirida Saudiya Arabistoni va ­Rossiya Federatsiyasi OPEK+ formatida neftning narxi va uni qazib olish hajmi borasida kelisha olmagani bilan xalqaro tovar bozorida inqiroz yuzaga keldi. 2020-yil avvalida esa Xitoyda koronavirus epidemiyasi avj oldi. Shu ikki yirik muammo birgalikda misli koʻrilmagan global retsessiya­ga zamin yaratmoqda. AQSH va ­Yevropaning yirik ommaviy axborot vositalarida esa shu mavzuga bagʻishlangan maʼlumotlar va tahlillar tinimsiz berib borilyapti.

Illyustrativ foto

Maʼlumki, “dunyo fabrikasi” deya nom olgan Xitoydek mamlakatda ikkinchi global iqtisodiyotning toʻxtashi jahon bozorida talabning keskin tushib ketishiga olib keldi. Oqibatda XXR iqtisodiyoti bilan oʻzaro hamkorlikda bogʻlangan ­barcha davlatlarda ham iqtisodiy nisbatlar tarozisi asta-sekin iqtisodiy turgʻunlik hududiga kira boshladi.

“Dunyo fabrikasi” qayta ochildi, ammo “jahon doʻkonlari” yopilyapti

Garchi bugun Chin oʻlkasi iqtisodiyoti qayta oyoqqa turayotgan boʻlsa-da, ammo AQSH va Yevropadek “jahon doʻkonlari” yopilmoqda. Global maydonda xalqaro transport va turizm tarmoqlari deyarli toʻxtadi. Okean orti va qoʻhna qitʼada avtomobil sotish hajmi 75 — 80 foizga tushib ketdi. Umumiy ovqatlanish tizimi toʻla karantin rejimiga oʻtdi. Aksariyat korxonalarda masofadan turib ishlash tizimi joriy etildi. Umuman olganda, hali jahon bozorida yalpi tushkunlik qayd etilmagan boʻlsa ham, bugun barchamiz global iqtisodiyotning aksariyat tarmoqlari va sohalarining yangi inqiroz pallasiga kirayotganini kuzatib turibmiz.

Shu paytgacha jahon iqtisodiyotining oxirgi 75 yillik rivojlanish davrida eng katta tahlikali voqelik sifatida biz 2008-yili boshlangan global moliyaviy inqirozni eslar edik. Oʻsha davrda jahon moliyaviy bozorlaridagi beqarorlik ancha keskin tus olgandi. Xususan, AQSH fond bozorlarida indekslar bir kunda 83 foizgacha tushib ketgan, neftning narxi 140 dollardan 30 dollarga “qulagan” edi.

2020-yilda boshlanayotgan inqiroz esa oʻz koʻlami va shiddatiga koʻra yana-da xavfli koʻrinish olishi mumkin. Bugun dunyo mamlakatlari ishchilari va xizmatchilarining 81 foizi karantinda ekanligi fikrimizga yaqqol dalildir.

Keling, qiyosiy tahlil qilib koʻramiz. 2008-yilda boshlangan jahon moliyaviy inqirozi davrida AQSH hukumati “Polson rejasi” nomi bilan tanish boʻlgan yirik bank-moliya institutlari va kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash uchun 750 mlrd. dollar miqdoridagi ­dastlabki dasturni eʼlon qildi. Bu oʻsha paytdagi mazkur birinchi iqtisodiyot YAIMning 5,2 foiziga teng edi.

Foto: RBK

2020-yilda esa Prezident ­Donald Tramp AQSH tarixida ­misli koʻrilmagan iqtisodiy yordam va ragʻbatlantirish tashabbusi — 2,2 trln. dollar hajmidagi ­(YAIMga nisbatan qariyb 10,3 foiz) ijtimoiy-iqtisodiy dasturining qabul qilinishiga erishdi. Bu mablagʻ 2008-yilgi inqirozga qarshi dasturdan ikki marta koʻproq ekanining oʻziyoq eshik qoqib kelayotgan xatarning naqadar jiddiyligidan dalolat beradi. Jahon savdo tashkiloti xalqaro savdo hajmi, hatto 32 foizga qadar tushib ketishi mumkinligini bashorat qilyapti. “Blumberg” axborot agentligining dastlabki tahlillariga koʻra, jahon iqtisodiyoti ushbu inqirozdan 5 trillion dollarga yaqin zarar koʻrishi mumkin, AQSH, Germaniya va Fransiya kabi yirik iqtisodiyotlarda ikkinchi chorakdan boshlab jiddiy iqtisodiy yoʻqotishlar bashorat qilinmoqda. ­“Vashington post” gazetasida yozilishicha, ­AQSHda joriy chorakda ishsizlik 30 foizga qadar koʻtarilishi mumkin.

Yevropada iqtisodiy xavfning yana-da kuchliligiga munosib ­ravishda Yevropa Markaziy bankining 750 mlrd. yevro hajmidagi muammoli aktivlarni sotib olishdek iqtisodiy ragʻbatlantirish dasturi, Germaniya, Fransiya, Buyuk ­Britaniya, Italiya, Ispaniya va ­Yevropadagi boshqa mamlakatlar inqirozga qarshi tashabbuslari ham­ohang yangray boshladi. Birgina Fransiya yoki Italiyaning oʻzida qariyb 250 mlrd. yevroga teng iqtisodiy dasturlar toʻgʻrisida fikr yuritilmoqda. Bu roʻyxatni Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya va ­Janubi-Sharqiy Osiyoning qolgan davlatlari, shuningdek, xalqaro moliyaviy institutlarning jahon iqtisodiyoti, xususan, kichik va oʻrta biznes subyektlari, aholining kam taʼminlangan qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash loyiha­lari ­bilan yana davom ettirish mumkin.

2008-yilda 3 oy keyin, 2020-yilda oʻz vaqtida qabul qilindi

Xoʻsh, 2020-yilda boshlanayotgan global iqtisodiy inqiroz 2008-yildagisidan nimasi bilan farq qiladi?

U bir tomondan, AQSH va ­Yevropa Ittifoqi oʻrtasida, ikkinchi tomondan esa Yevropa Ittifoqi aʼzo­lari ichida jiddiy inqiroz davrida ­kelisha olmaslik muammosi mavjudligini namoyish etyapti. Bundan tashqari, AQSH, Yevropa Ittifoqi, Rossiya va Xitoy global toʻrtligi orasida ham ayrim jiddiy munozalar koʻtarilish ehtimoli global iqtisodiy ­inqirozga yana-da salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Eng muhimi shundaki, bu safar eshik qoqib kelayotgan global ­inqirozning nafaqat Oʻzbekiston uchun ham xavfliligi tan olinyapti, balki unga qarshi mutanosib va tezkor choralar ishlab chiqilmoqda. Jumladan, 2008-yilgi global moliyaviy inqirozga qarshi choralar koʻrish xavf boshlanganidan keyin 3 oy oʻtib eʼlon qilingan boʻlsa, (inqiroz 2008-yil avgustda boshlangan edi, unga qarshi dastlabki dastur 18-noyabrda qabul qilingan), 2020-yilgi global inqirozga qarshi choralar nihoyatda tezlik bilan, global xavf eʼlon qilinishi bilan atigi 1 haftada (Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti koronavirus pandemiyasini 11-martda eʼlon qilgan boʻlsa, Oʻzbekistonda unga qarshi dastur 19-martda qabul qilindi. Bunday xavf tugʻilishi va unga qarshi tayyorgarlik koʻrish ­lozimligi esa 29-yanvardan boshlangan edi, yaʼni aksariyat rivojlangan davlatlardan qariyb 2 oy oldin) tayyorlanib, aholi orasida va iqtisodiyotda sarosimaning ­oldini olishga mustahkam zamin yaratildi.

Eski va yangi dastur: farq nimada?

Bundan tashqari, ushbu dasturlarni qiyosiy taqqoslash 2008-yildagidan tubdan farqli ravishda, 2020-yilda Oʻzbekiston global iqtisodiy inqirozga nihoyatda keng qamrov va koʻlamda hamda nafaqat iqtisodiy, balki eng avvalo, har bir oila va insonning xotirjamligi omilini bosh ustuvor masala sifatida qabul qilib, juda jiddiy tayyorgarlik koʻrayotganidan dalolat beradi. Masalan, 2008-yilgi iqtisodiy dasturning asosiy mavzulari eksportni qoʻllab-quvvatlash, bank tizimining barqarorligini saqlab qolish hamda ishlab chiqarishda ish joylari qisqarib ketmasligiga eʼtibor qaratilgan edi. 2020-yilda boshlanayotgan global inqirozga qarshi iqtisodiy das­tur markazidan esa mehnat ­resurslari ishlab chiqarishdan ­vaqtincha ajratilgan boʻlishiga qaramasdan, avvalo, aholining ­salomatligi va ijtimoiy taʼminoti, kichik va oʻrta biznesni ­asrab-avaylash, iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlari uchun investitsiya, kredit va soliq imtiyozlarining berilishidek strategik maqsadlar joy oldi. Zero, Prezidentimizning iqtisodiy ­dasturidagi bosh mezon bu inson omilidir. ­Xususan, aholining kam taʼminlangan ­qismini davlat ­tomonidan jiddiy ijtimoiy ­muhofaza qilish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyotning real sektorida ishlab chiqarish va eksport surʼatlari ­pasayib ketishiga yoʻl qoʻymaslik eng asosiy tamoyillar etib ­belgilangani diqqatga sazovordir. Eng muhimi, 2020-yilgi inqirozga qarshi chora-tadbirlar manzilli, ularni moliyalashtirish manbalari oʻta aniq va faqat real, mavjud ­resurslarga asoslangan boʻlib, ­mavhum tashqi omillardan yordamni kutmaganligi bilan ajralib ­turibdi.

Adekvat chora-tadbirlar eʼtirofi

Oʻylaymizki, bugungi shiddatli ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jarayonlarni kuzatayotgan faol oʻquvchilar Oʻzbekiston lideri va hukumati tomonidan koʻrilayotgan inqirozga qarshi adekvat chora-tadbirlarning mohiyati, koʻlami va aniq raqamlari bilan tanishib kelmoqdalar. Bu borada keng aholi orasida, xususan, televideniye va internet kanallar orqali berilayotgan tushuntirish ishlarining ahamiyati beqiyosdir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumati tomonidan olib borilayotgan ishlarning oʻz vaqtida va kirib kelayotgan xavfga mutanosib ekanligini bugun hamma, xorijda ham, yirik davlatlar va xalqaro tashkilotlar, mamlakat ichkarisida ham, aholining barcha qatlami, jumladan, kichik va oʻrta biznes subyektlar eʼtirof etmoqda.

Tanazzul qarshisida davlatning oʻzi yakkalanib qolmaydimi?

Oʻz-oʻzidan tabiiy savol tugʻiladi: shakllanayotgan global inqirozning koʻlamini bugun jahon hamjamiyati toʻla baholay olyaptimi? ­Menimcha, yoʻq. Shunday ekan, koʻrilayotgan chora-tadbirlar oldimizda turgan xavf-xatarga munosib ­javob bera olishini aniqlab olish dolzarb. Aniqroq aytganda, ­“Iqtisodiyotning barqarorligini taʼminlash, xususan, rivojlanish pallasiga oʻtayotgan kichik va oʻrta biznesni himoyalash va asrab qolish, shuningdek, aholining kambagʻal va kam taʼminlangan qismini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashdek oʻta shiddatli frontda davlatning oʻzi yakkalanib qolmaydimi?” degan kun tartibidagi savolga oqilona javob topish kerak.

Binobarin, global inqirozga, global iqtisodiy xavfga bugun biz yagona front boʻlib qarshi turishimiz lozim. Modomiki, bu safargi global inqirozga aksariyat rivojlangan mamlakatlar “insoniyatning boshqa jonzotga qarshi urushi” sifatida qarayotgan ekanlar, biz ham yakdil, bir maqsad sari, davlatning rahnamoligi ostida birlashishimiz talab etiladi. Buning yaqqol misoli — Amerika va Yevropa davlatlarida dushmanga qarshi kurash uchun insonlar hatto eng muhim, fundamental demokratik tamoyillar va qadriyatlarni bir chetga yigʻishtirib qoʻyib, davlat boshchiligida insonning eng birinchi huquqini, yaʼni yashash huquqini taʼminlash uchun konsensusga kelayotganliklaridir.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Albatta, Oʻzbekistondek rivojlanish bosqichiga oʻta boshlagan iqtisodiyotlar uchun bunday yirik global iqtisodiy inqirozlarga toʻlaqonli qarshi turishda davlatning bir oʻzi yetarli kuchga ega boʻlmasligi mumkin. Eshik ochib kirayotgan yirik muammoga qarshi das­tur miqyosi, yaʼni YAIMga nisbatan ajratilayotgan mablagʻning ulushi borasida biz aksariyat rivojlangan davlatlarga nisbatan munosib ulushni koʻrsatayotgan boʻlsak-da (dastlabki dasturga muvofiq YAIMga nisbatan 2,1 foiz, jumladan, Yevropa Ittifoqida YAIMga nisbatan 2,5%li iqtisodiy dastur muhokama qilinmoqda), ammo YAIMning aholi jon boshiga koʻrsatkichi miqdorini eʼtiborga olgan holda, amalga oshirishimiz lozim boʻlgan ishlarimiz hali juda koʻp. Shunday ekan, bugungi kunda global iqtisodiy va boshqa xavflarga qarshi kurash borasida rivojlanayotgan davlatlarda, xususan, respublikamizda ham faqat Davlat byudjeti mexanizmini yetarli deyish toʻgʻri emas, deb oʻylayman. Xususan, global iqtisodiy inqiroz koʻlami va davomiyligi hali aniq baholanmagan ekan, davlatning resurs imkoniyatlarini tobora mustahkamlash lozimligi kun tartibida oldingi oʻringa chiqadi.

Demak, bugun masala bizning eng birinchi huquqimiz — yashash huquqimizni taʼminlash toʻgʻrisida ketayotgan ekan, barchamiz davlat hokimiyatining atrofida yana-da jips­lashishimiz, uni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashimiz, imkon qadar koʻmak berishimiz, qoʻlimizdan kelsa uning moddiy imkoniyatini yana-da mustahkamlashga harakat qilishimiz lozim. Dunyoga taniqli vatandoshlarimiz ­xorijdan turib ­qi­layotgan begʻaraz yordamlari, ­saxovatpesha, vatanparvar va millatparvar ­insonlarimizning mamlakat ichida turib qi­layotgan homiyliklari barchamizni mamnun etayot­gani tabiiydir. Yaqinda tashkil qilingan “Mehr-shafqat va salomatlik” jamgʻarmasi ­xalqimizning ­naqadar bagʻrikeng va xalqparvar ekanini yaqqol koʻrsatib turibdi. Ayni chogʻda bu ­borada hali juda koʻp saxovat va muruvvat namunasini namoyon ­etishimiz lozim boʻladi.

Birovga iltifot qilgan xalq ekanmiz, oʻzimiz uchun bundan-da bagʻrikeng boʻla olamiz

Biz Sharq sivilizatsiyasi, Islom falsafasi va Oʻrta asr renessansi dargʻalarining vorislarimiz. Biz davlatning, millatning va xalqning boshiga ogʻir kun tushganda yana-da birlashadigan, jipslashadigan, oʻzi yemay oʻzgaga beradigan, oʻzi yerda yotib, mehmoniga yetti qavat koʻrpa tashlaydigan xalqmiz, millatmiz. Birovga shunday iltifot qila olgan xalq ekanmiz, oʻzimizga, oʻz millatimizga, oʻz farzandlarimizga ham shunday bagʻrikenglik qila olamiz. Tariximizni eslaylik: ogʻir kunlarda davlatning xalq tomonidan, faqatgina ayrim koʻngilli vakillari tomonidan emas, yoppasiga moddiy qoʻllab-quvvvatlanishi misollari judayam koʻp. Buni tarixchilarimiz bizga eslatishi kerak. Holbuki, bir zamonlarda boʻlgani kabi, farzandlarimizni frontga yuborish talab etilmayapti, aksincha bizdan farzand­larimizni uyda sogʻ-salomatolib oʻtirish soʻralyapti, xolos.

Foto: O`zA

Mening fikrimcha, biz uchun bugun global iqtisodiy xavfga qarshi umummilliy turadigan palla keldi. Yaʼni xalqning davlatga begʻaraz koʻmaklashish jamgʻarmalari toʻgʻrisida, lozim boʻlsa, nonimizning va molimizning bir qismini el-yurt manfaati, xususan, avvalo, kam taʼminlangan aholi uchun ulashish toʻgʻrisida oʻylaydigan vaqt hozir. Zero, bu fazilatlar asrlar davomida tomirlarimizda, qalblarimizda joʻsh urib kelayotgan milliy va diniy qadriyatlarimiz bilan hamohangdir. ­Bugun millat, el-yurt manfaati va xavfsizligi yoʻlida butun xalq, har bir vatanparvar fuqaro imkon qadar davlatni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashini hayotiy majburiyat deb bilishi kerak, deb hisoblayman.

Sinovli kunlar, albatta, oʻtib ketadi

Dunyodagi ijtimoiy va iqtisodiy vaziyatning tez oʻzgarib bo­rayotgani hamda Oʻzbekistonda hukumatning, avvalo, aholining kam taʼminlangan qatlami, shuningdek, kichik va oʻrta biznesni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida olib borayotgan saʼy-harakatlarini eʼtiborga olgan holda, oddiy fuqaro va iqtisodchi olim sifatida, quyidagilarni taklif etgan boʻlardim.

Avvalo, davlatga begʻaraz koʻmaklashish maqsadida barcha vazirlik, idora, korxona, tashkilot va muassasalarning turli darajadagi rahbar kadrlari, ijtimoiy masʼuliyatli tadbirkorlar va tashabbuskor fuqarolarning begʻaraz homiyliklari (jumladan, maʼlum muddatga beriladigan) orqali kichik va oʻrta biznesga maqsadli ravishda foizsiz kreditlar ajratish hamda ularning tijorat banklaridan oladigan kreditlari uchun kafillik berishga koʻmaklashuvchi jamgʻarma tashkil etish lozim.

Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Ayni chogʻda aholining keng qatlamlari va turli biznes subyektlari tomonidan “Mehr-shafqat va salomatlik” jamgʻarmasini qoʻllab-quvvatlash ishini umumilliy harakatga aylantirish maqsadida ushbu tadbirlarni yana-da kengroq targʻib qilish, ushbu jamgʻarmaning mablagʻlaridan maqsadli foydalanish tadbirlari va ularning natijadorligini aholi orasida tez-tez namoyish etib borish kerak.

Oʻz navbatida, iqtisodiy rivojlanishda talabni shakllantirishning eng yirik manbasi sifatida hamda kambagʻal va kam taʼminlangan aholi ijtimoiy taʼminotini yana-da kuchaytirish, oziq-ovqat ­ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish maqsadida Davlat byudjeti xarajatlarini yana-da manzillashtirish va optimallashtirish chora-tadbirlarini koʻrish ham muhim.

Bundan tashqari, oziq-ovqat va boshqa birinchi darajali isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish, xususan, qishloq xoʻjaligi ekinlari ekishni va mahsulotlarini ishlab chiqarishni jadallashtirishga qaratilgan turli faoliyat turlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashni yana-da kuchaytirish davr talabidir.

Qolaversa, qishloq aholisi, xususan, qishloqda ish bilan taʼminlanmagan yoshlarni ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlash tadbirlarini yana-da kuchaytirish, bunda qishloqda tugʻilib oʻsgan va katta shaharlarda yashayotgan, moddiy jihatdan yetarli imkoniyatga ega boʻlgan ijtimoiy masʼuliyatli va faol kadrlar, biznes va boshqa ­sohalar vakillarining shaxsiy namunalaridan keng foydalanish maqsadga muvofiq.

Xulosa oʻrnida aytganda, hozirga kunda Oʻzbekistonda davlat hokimiyati va tashkilotlari tomonidan olib borilayotgan aholining kam taʼminlangan qismini ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, kichik va oʻrta biznes subyektlarini iqtisodiy ragʻbatlantirish chora-tadbirlaridunyoda kechayotgan murakkab iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarga mutanosib ravishda tashkil etilyapti. Bu borada dunyoda keng tarqalgan davlat-­xususiy sherikligi, moddiy taʼminlangan aholining va biznesning ­ijtimoiy masʼulligi tamoyillariga asoslangan holda davlatga koʻmaklashuvchi turli ijtimoiy tashabbuslarga asoslangan gʻoyalar va loyihalarni muhokamaga tashlash va amalga oshirish zaruriyati ham mavjud boʻlib, bundan keyin unga nisbatan ehtiyoj yana-da oshishi kutiladi.

Adham BEKMURODOV,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер