Yaltiragan hamma narsa tilla emas

14:13 08 Sentyabr 2022 Jamiyat
774 0

Foto: Xalq so‘zi

Bugungi isteʼmolchida tanlash imkoniyati keng. Doʻkonlarimiz peshtaxtalari mahsulotlar xilma-xilligidan egiladi. “Defitsit” soʻzi allaqachon muomalamizdan chiqib, oʻrnini “tozasimi” degan savol egallaganiga ham ancha vaqt boʻlib qoldi.

Biroq oʻtgan kuni eski tanishimni avtotexxizmat ustaxonasida figʻoni falakda holda uchratib qoldim. Aytishicha, avtomobilidagi gaz taqsimlash mexanizmining tasmasi( GRM remeni) uzilib, anchagina xarajat tortibdi.

— Tozasi, kamida 50 ming kilometr yurib beradi, deb sotgan edi. Ikki ming ham yurmadi, — deydi u yigʻlagudek boʻlib. —Yoʻlda qolib ketganim mayli, mana endi klapanlar ham qayrilib, ishdan chiqibdi.

— Puliga yarashada, — dedi usta. — «Orginali» boʻlganida yurib berardi.

Qisqa qilib aytganda, “originali” bilan soxtasini oddiy nigohlar orqali farqlash qiyin. Isteʼmolchi esa “chuv” tushgandagina mahsulot qoʻlbola sexlarda tayyorlanganligini anglab yetadi. Goʻshtsiz kolbasa, sutsiz sariyogʻ va shunga oʻxshash kundalik soxta isteʼmol mahsulotlariga koʻnikib ham qoldik. Achinarlisi, bu kabi mahsulotlar endilikda taniqli brendlar belgisi ostida ham savdoga chiqarilmoqda.

— Brend bu faqat logotip emas, — deydi Navoiy viloyat Adliya boshqarmasining intellektual mulk huquqlarini himoya qilish boʻlimi boshligʻi Rahmatilla Ibrohimov. — Brend bu kompaniya strategiyasi, xodimlari, narx siyosati, raqobatchilardan farqlanishi, kuchli taraflari, isteʼmolchilar uchun yaratilgan oʻziga xos qiymatlar va oxirida nom va logotip xolos. Brenddan asosiy maqsad, doimiy mijozlarga ega boʻlish, bozorda sezilarli farq va qiymatni hosil qilish. Shu orqali har bir tadbirkor oʻzining nomi va mahsulotini yoki xizmatlarini raqobatchilari oʻrtasida ajralib turishidan manfaat topadi.

Bu savdo hajmining ham tovar, ham xizmatlar koʻrinishida oshishiga imkon berib, isteʼmolchi kompaniya “bir kunlik” emas, balki bozorda oʻzini jiddiy koʻrsatgan ishonchli firma ekanligini his qiladi.

Afsuski, soʻnggi paytlarda brend oʻgʻriligi, birovning isteʼmol bozoridagi mavqeyidan foydalanish hollari koʻpayib bormoqda. Mahsulot sifatining talabga javob bermasligi oʻz yoʻliga shu orqali taniqli brendlar mavqeyiga ham soya solinmoqda.

Chindanam, istagan bozoringizga tushing, tanish brendlar dizaynida chiroyli qadoqlanib, nomlanishida bir-ikki harf yoki belgilar almashtirilgan mahsulotlar savdosiga duch kelasiz.

Xususan, Navoiy viloyat Adliya boshqarmasining intellektual mulk huquqlarini himoya qilish boʻlimi tomonidan Navoiy shahar markazida joylashgan “Saxovat” MCHJga qarashli “Navoiy markaziy dehqon bozori”da Intellektual mulk huquqlarini buzgan holda tovarlar va xizmatlar koʻrsatish faoliyatini yuritish boʻyicha profilaktika kuzatuv tadbirlari jarayonida kontrafakt mahsulotlar savdosi bilan shugʻullanib, amaldagi qonunlarga hurmatsizlarcha qaraydigan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan 110 ta ogohnoma, 51 ta taqdimnoma va 2 ta maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirib, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma va unga ilova qilingan hujjatlar, maʼmuriy javobgarlik masalasini koʻrib chiqish uchun sudlarga yuborildi.

Oʻrni kelganda taʼkidlash joiz, ichki isteʼmol bozorini kontrafakt va sifati kafolatlanmagan mahsulotlardan himoya qilishda xaridorning ham oʻrni beqiyos. Kelib chiqishi shubhali mahsulotni xarid qilar ekan, isteʼmolchi nafaqat oʻz hamyoni, balki salomatligiga ham jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Shu bois mahsulot qadogʻi va undagi tarkib roʻyxatiga jiddiy eʼtibor qaratish lozim. Xalqimiz esa yaltiragan hamma narsa tilla emas, deb bejiz aytmagan..

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер