Yaldo kechasi. Bu qanday tun?

16:39 21 Dekabr 2020 Jamiyat
7156 0

21-dekabrdan 22-dekabrga oʻtar kechasi tabiatning ajoyib hodisalaridan biri kuzatiladi. Yaʼni ushbu sanada eng uzun tun sodir boʻladi. Qishning bu eng uzun va qorongʻi kechasi Yaldo kechasi deyiladi. 

Yilda bir marta kuzatiladigan ushbu hodisa Sharq xalqlarida azaldan oʻzgacha shodu xurramlikda kutib olinib, keng tantana qilingan. Xususan, maʼlumotlarda keltirilishicha, bu kechada gap-gashtak oʻtkazilgan xonadon sohiblari mehmonlarni toʻkin dasturxon tuzab, kutib olishgan. Qoʻy soʻyilib, tandir nonlar yopilgan. Qishga asralgan qovun-tarvuzlar, uzum-anorlar omborlardan olib chiqilib, dasturxonga tortilgan.

Hech eʼtibor berganmisiz, keksalarimiz duoga qoʻl ochishganda, “Qish qishday boʻlsin” deya niyat qilishadi. Bu ham bejiz emas. Binobarin, Yaldo kechasidan soʻng, yaʼni qishning chillasi boshlanadi. Yetishtiriladigan hosil barakasi, chorvachilik rivoji koʻp jihatdan chilla ob-havosiga bogʻliq. Zero, yomgʻir — baraka, qor — rizq, demakdir.

Kuzatuvlarga qaraganda, yurtimizda ayni shu pallada yogʻingarchilik koʻp boʻlar ekan. Zero, shu kunlarda yoqqan qor dehqonlarimiz uchun ayni muddao. Chunki u kuzgi bugʻdoy maysalari ustini koʻrpadek qoplab, ekinni qahratonning izgʻirinlaridan asrarkan. Shudgor qilingan yerlarda qorning singuvchan suvlari nam saqlab, ozuqa vazifasini oʻtaydi. Eng muhimi, qishlovchi zararkundalarga qiron keltiradi. Chilla suvini, ayniqsa, bogʻbonlar oʻzgacha qadrlashadi. Negaki, bu paytda obihayotga qondirilgan tokzor va mevazorlar yozda suvni bir marta kam talab qiladi, moʻl hosil toʻplaydi.

Qisqasi, yilning eng uzun tuni va eng qisqa kuni mana shunday xususiyatlari bilan alohida ajralib turadi. Hijriy-shamsiy yil taqvimiga koʻra, hozir ayni jadiy oyi. Balki, shuning uchun odamlar bu oyni baraka oyi, deya eʼtirof etishar.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер