Yaxshi yashash uchun faqat orzu emas, intilish ham kerak — Abdizohir Ziyoyev
Foto: “Xalq soʻzi”
Urgut tumani Bahrin mahallasidagi Qoʻrgʻoncha qishlogʻida ikki ming nafardan ziyod aholi yashaydi. Joriy yilning iyun oyida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov mazkur qishloqda boʻlib, hudud infratuzilmasi va aholi turmush tarzi bilan tanishgan edi. Qishloq ahli bilan suhbat davomida viloyati hokimi hududda obodonlashtirish ishlarini olib borish boʻyicha oʻz tavsiyalarini bildirib, ichki yoʻllar hokimlik koʻmagida asfalt qilib berilishini aytgandi.
Viloyat hokimi tashabbusi bilan qishloqda obodonlashtirish, qurilish-taʼmirlash ishlari olib borish uchun 870 million soʻm mablagʻ ajratildi. Natijada qariyb 1,5 kilometrga yaqin ichki yoʻllarga asfalt yotqizildi. Bu xayrli ishlarda qishloq ahli ham faol ishtirok etdi. Davlat tomonidan shuncha imkoniyat, qulaylik yaratib berilayotganidan ruhlangan qoʻrgʻonchaliklar yashab turgan joylarini yana ham obod qilishga oʻzlari ham baholi qudrat hissa qoʻshdi.
Xususan, obodonlashtirish va qurilish-taʼmirlash ishlarini olib borish maqsadida saxovatli tadbirkorlar tomonidan 450 million soʻm mablagʻ ajratildi. Buning evaziga qishloqqa kirish qismidagi koʻprik taʼmirlandi. Markaziy koʻchada 86 ta tungi yoritish chiroqlari oʻrnatildi, qabriston atrofi 800 metr devor bilan oʻraldi. Shuningdek, 180 metrli ayvon qurildi.
— Umummanfaatiga xizmat qiladigan ishlar hamjihatlikda bajarilsa, odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi, mehr-oqibatni mustahkamlaydi, — deydi Qoʻrgʻoncha mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Abdizohir Ziyoyev. — Odamlar ahil-inoq, oqibatli boʻlgan joyda baraka boʻladi. Hamma ishni davlat qilib berishi kerak, deb qarab oʻtirish yaramaydi. Mana, viloyatimiz hokimi qishloqni obod qilish boʻyicha harakatlarni boshlab berdi, yoʻlimiz ravon boʻldi. Qolgan ishlarni yana hokimiyat zimmasiga tashlab oʻtirsak boʻlmasdida. El katta kuch, hamma ishni bamaslahat, birgalikda amalga oshirishga kirishgandik, qishlogʻimiz obod boʻlib qoldi. Yaxshi yashash uchun faqat orzu emas, harakat, intilish ham kerak.
Bugungi kunda ham qishloqdagi bu ezgu ishlar davom ettirilyapti. Ayni paytda nuroniylar choyxonasi taʼmirlanib, hududda koʻrkam bogʻ tashkil etilmoqda.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring