YANGI DAVRNING UMIDBAXSH EPKINLARI

18:46 15 Mart 2022 Jamiyat
1868 0

yoxud Taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarning xalqimiz hayotidagi ahamiyati xususida

Mintaqamizdagi birinchi Renessans allomalaridan biri Abu Nasr Forobiy fozil jamiyatni shunday tasvirlagan edi: “Davlatning vazifasi insonlarni baxt-saodatga olib borishdir. Bu esa ilm va yaxshi axloq yordamida qoʻlga kiritiladi”.

Bugungi kunimizga, hayotimizga teran nazar tashlasak, mamlakatimizda barcha sohada amalga oshirilayotgan tub islohotlar, xalqimizning turmush farovonligini yuksaltirish yoʻlidagi saʼy-harakatlar shu ezgu maqsadga — odamlarni rozi qilishga, ularning baxt-saodatini taʼminlashga qaratilgani yaqqol oydinlashadi.

Mazkur jarayonda taʼlim, ilm-fan, maʼrifat, madaniyat, sanʼat va maʼnaviyat rivojiga alohida eʼtibor qaratilayotgani ota-bobolarimizning fozil jamiyat, kuchli davlat qurish borasidagi asriy orzulari bugungi yangi Oʻzbekiston timsolida boʻy koʻrsatayotganiga ishonchimizni mustahkamlaydi.

Darhaqiqat, mamlakat taraqqiyoti uning fuqarolari hayot tarzi, ularga yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlarga, qulayliklarga bevosita bogʻliq. Shu jihatdan olganda, bugun jonajon Vatanimizda “Inson qadri uchun” gʻoyasi izchillik kasb etgan keng koʻlamli islohotlarning yangi bosqichiga tamal toshini qoʻydi. Qisqa, lekin sermazmun bu ibora shu davrgacha mavjud boʻlgan tamoyillarni butunlay oʻzgartirib yubordi.

Ijtimoiy siyosat: inson qadri ulugʻ

Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, hozirgi davr — yangi Oʻzbekistonning oʻziga xos xususiyatlari ijtimoiy siyosatni kuchaytirish, odamlar farovonligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, hayot sifatini rivojlangan davlatlar darajasiga koʻtarish, adolatli, erkin va taraqqiy etgan jamiyat qurishda namoyon boʻlmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini roʻyobga chiqarishga ham davlat rahbarining “Inson qadri uchun” degan gʻoyasiga asoslangan holda kirishdik. Uning mohiyatini izohlar ekan, Prezidentimiz inson qadr-qimmati qandaydir mavhum va balandparvoz tushuncha emasligini alohida qayd etdi. Bu, eng avvalo, har bir fuqaro uchun tinch va bexavotir hayotni, uning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlash, munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilmani yaratish, shuningdek, malakali tibbiy xizmatlar va sifatli taʼlim olish, ijtimoiy himoyadan foydalanish hamda sogʻlom ekologik muhitda yashash imkoniyatlarini berish demakdir.

Shu maqsadlarga erishish uchun yaqin kelajakda butun dunyoda noyob demokratik tuzilma hisoblanmish mahalla institutining imkoniyatlaridan iloji boricha toʻliq foydalanish koʻzda tutilmoqda. Uning vakolatlari yanada kengaytirilib, mahalla jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining, xalq bilan samarali muloqotning tayanch nuqtasiga aylantiriladi.

Yangicha mahallabay ishlash tizimining joriy etilishi ham noyob hodisa boʻlib, u ijtimoiy ahamiyatga molik muammolarni hal qilishning taʼsirchan usuli sifatida namoyon boʻldi.

Joriy yil boshidan Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Kelgusida Prezidentning mahalladagi vakili boʻladigan hokim yordamchilari tayinlandi. Ularning asosiy vazifasi oʻz mahallasi hududida tadbirkorlikni rivojlantirish, ish oʻrinlari yaratish, kambagʻallikni qisqartirish va oilalar daromadini koʻpaytirishdan iborat. Aholi bilan ishlash asnosida ular oilani kambagʻallikdan chiqarish, kasbga oʻqitish, imtiyozli kredit, subsidiya va yer uchastkalari ajratish boʻyicha mavjud imkoniyatlar haqida xabar berishadi. Shu maqsadlar uchun joriy yilda 10 trillion soʻmlik imtiyozli kreditlar va 2,5 trillion soʻmlik subsidiyalar, yaʼni har bir mahalla uchun oʻrtacha 1,3 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratiladi.

Yana shunisi ahamiyatliki, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga umumiy hisobda 80 ming gektar ekiladigan yer maydonlari ajratilishi tufayli 500 ming nafar kishi doimiy daromad manbaiga ega boʻladi.

Bunday koʻlamdor ishlar birinchi galda nisbatan ogʻir iqtisodiy va ijtimoiy holatdagi mahallalarda amalga oshiriladi. U joylarda infratuzilmani yaxshilash, ichimlik suvi tarmoqlari, bolalar bogʻchalari, maktablar, tibbiy muassasalar, bandlikka koʻmaklashish markazlari, madaniyat, sport va tadbirkorlik inshootlarini taʼmirlash va qurishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Olis mahallalarda zamonaviy infratuzilma

Xalqimizda “Boshpanasi borning tashvishi yoʻq”, degan ibora mavjud. Oʻz uy-joyiga ega boʻlish ilgari koʻpchilik odamlar uchun ushalmas orzu edi. Keyingi yillarda olib borilayotgan siyosat esa ularga nekbin umidlar baxsh etdi.

Arzon uy-joylar qurish dasturi vatandoshlarimiz orasida quvonch bilan kutib olingani ham shundan. Soʻnggi bir necha yil ichida ipoteka dasturlari doirasida 140 mingdan ziyod uylar qurildi, bu esa avvalgi yillar bilan taqqoslaganda 11-marta koʻpdir.

Davlat byudjeti mablagʻlarining kattagina qismi taʼlim tizimi va inson kapitalini rivojlantirishga yoʻnaltirildi. Davlat rahbarining tashabbusi bilan amaldagi taʼlim standartlari va oʻquv dasturlari qayta koʻrib chiqilmoqda. Maktablarda oʻquv yuklamasi va darslar soni optimallashtirilmoqda, ilgʻor tajribalarga tayangan holda darsliklar yangilanib, oʻquvchilarni fikrlash va olgan bilimlarini amalda qoʻllashga undovchi uslubiyot joriy etilyapti. Kutubxonalar fondi oʻquv-uslubiy adabiyotlar bilan boyitilmoqda. Taʼlim tizimi obyektlari va ularda mehnat qilayotgan xodimlarni sertifikatsiya va akkreditatsiyadan oʻtkazish jarayonlari zamon talabi asosida yaxshilanyapti. Oʻqituvchilarni tayyorlash tizimini tubdan yaxshilash, ularni moddiy jihatdan ragʻbatlantirish hamda oʻqituvchining jamiyatdagi obroʻsini koʻtarish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Hatto eng olis mahallalarda ham taʼlim tizimining zamonaviy infratuzilmasi faol surʼatlar bilan shakllantirilmoqda. Maktablar, maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktabdan tashqari muassasalar, oliy va oʻrta-maxsus ilm dargohlari qurilmoqda va taʼmirlanmoqda. Ularning moddiy-texnika bazasi ham mustahkamlanyapti.

Mazkur yoʻnalishdagi ishlar koʻlami kelgusida yana ham kengayadi. Mamlakatimiz rahbarining koʻrsatmasi boʻyicha besh yil ichida maktablar sigʻimi oshirilib, 1,2 million oʻquvchi oʻrni yaratiladi. Bundan tashqari, davlat va xususiy bolalar bogʻchalari sonining ortishi hisobiga maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish koʻrsatkichi 80 foizga yetkaziladi.

Aytish joizki, keyingi yillarda taʼlim tizimida ixtisoslashtirilgan maktablar ulushi ham ancha koʻpaydi. Masalan, 2019-yili mamlakatimizda 271 ta ixtisoslashtirilgan maktab bor edi. Hozir esa bunday bilim maskanlari soni 790 tani tashkil etmokda. Shuningdek, 14 ta Prezident maktabi faoliyat yuritmoqda. Ularda matematika, fizika, kimyo, biologiya, axborot texnologiyalari, xorijiy tillar va boshqa dolzarb yoʻnalishlar boʻyicha chuqurlashtirilgan taʼlim yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu muassasalar zamonaviy oʻqitish modeli boʻlib, taʼlim sohasidagi sifat oʻzgarishlaridan darak berib turibdi va pirovardida jamiyatning ilm-fan, ilgʻor texnologiyalar hamda texnik kasb-hunarlarga boʻlgan qiziqishini kuchaytiradi.

Sifat imkoniyat kengayishiga olib keldi

Barcha darajadagi taʼlim sifatining yaxshilanishi yoshlarning bilim olish imkoniyatini ham kengaytirdi. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami vakillari, jumladan, xotin-qizlar uchun yangi kvotalar kiritilmoqda. 2021-yilning oʻzida 2 ming nafar qiz oliy taʼlim muassasalariga alohida grant asosida qabul qilindi. Natijada oʻtgan yili oliy oʻquv yurtlariga kirgan talabalar umumiy sonining 60 foizini xotin-qizlar tashkil etdi.

Kelgusi besh yilda bu borada yana ham samaraliroq chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Prezidentimizning 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali tadbirdagi chiqishida aytilganidek, taʼlim kontraktlarini toʻlash uchun qizlarga 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi. Bundan tashqari, kelgusi oʻquv yilidan boshlab, magistraturada oʻqiyotgan qizlarning kontrakt pullari toʻliq byudjetdan qoplab beriladi, shuningdek, doktorantura yoʻnalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.

Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish masalasi ham dolzarbligicha qolmoqda. Shu bois har bir mahalla, maktab va boshqa ijtimoiy obyektlarda yangi kutubxonalar, sport zallari va maydonchalari, kompyuter markazlarini ochish, sport va badiiy havaskorlik toʻgaraklari, xorijiy tillar, kompyuter savodxonligi va mehnat bozorida talabgir kasb-hunarlarga oʻqitish boʻyicha kurslar faoliyatini jonlantirish yuzasidan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Keyingi vaqtda mamlakatimizda aholi salomatligini taʼminlash yoʻlidagi amaliy ishlar samarasini har birimiz oʻz hayotimizda koʻryapmiz, his etyapmiz. Bu, ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davrida yaqqol sezildi. Eʼtiborlisi, kelgusi besh yilda bu yoʻnalishdagi ishlar yanada faollashadi. Insonga gʻamxoʻrlik qilish, fuqarolar salomatligini doimiy kuzatib turish maqsadida tibbiy xizmatlar aholiga yanada yaqinlashtiriladi. Buning uchun hududlarda birlamchi tibbiy xizmat “bir qadam” tamoyili asosida yoʻlga qoʻyilib, 105 ta oilaviy shifokor punkti va 31 ta oilaviy poliklinika tashkil etiladi. Talab katta boʻlgan yoʻnalishlar boʻyicha tibbiy yordam tumanlararo darajada koʻrsatiladi. Tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash maqsadida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, raqamli meditsinani keng joriy etish, dori-darmon va tibbiy jihozlar uchun ajratiladigan byudjet mablagʻlarini koʻpaytirish kabi qator chora-tadbirlar moʻljallanmoqda.

Poydevori mustahkam mexanizm

Oʻzbekiston tez orada daromadi oʻrtadan yuqori boʻlgan davlatlar safiga kirishni maqsad qilgan. Bu haqdagi xabarlar xorij mamlakatlari ommaviy axborot vositalarini xam qiziqtirmoqda. Jumladan, Kuvaytning “Nokhbah News” va “Sabr News” gazetalari sahifalarida respublikamiz shu maqsadga yetish uchun aniq koʻrsatkichlarni belgilab olgani va ularga yetishga xizmat qiluvchi mexanizmlarni joriy etishi toʻgʻrisida yozishdi.

Iqtisodiy qudratni oshirishga boʻlgan harakatlar oʻz-oʻzidan tushunarli: axir, faqat iqtisodiy jihatdan kuchli davlatlargina ijtimoiy va boshqa masalalarni muvaffaqiyatli hal etishga, aholi farovonligi va turmush darajasini koʻtarishga qodir.

Xoʻsh, bizda bu borada ahvol qanday? 2017 — 2020-yillar boʻyicha raqamlarga eʼtibor bersak, iqtisodiy oʻsish 18,3 foizni tashkil etgani, yalpi ichki mahsulot (YAIM) hajmi 60 milliard dollarga yetganini koʻramiz. Sanoat ishlab chiqarishi hajmi 2016-yildagiga nisbatan 23,4 foizga, eksport 25 foizga yoki 15,1 milliard dollargacha ortgan.

Faqat kuvaytlik hamkasblarimiz emas, balki boshqalar tomonidan ham eng koʻp muhokama qilinayotgan oʻsha maqsadga qaytsak. Taraqqiyot strategiyasida YAIMni 100 milliard dollargacha, sanoat ishlab chiqarishini 1,4 baravarga oshirish moʻljallangan. Eksport hajmi 2026-yilga borib, 30 milliard dollarga yetkazilishi kerak.

Endi savol: bunday oʻsishga nimaning hisobidan erishiladi? Maʼlumki, zamonaviy biznes vakillari misni yangi oltin, yangi neft, hatto kelajak metali, deb hisoblashadi. Chunki uning yuqori texnologiyali tarmoqlardagi roli tobora ortib boryapti. Aynan shu bois ham, mis ishlab chiqarish va undan foydalangan holda boshqa mahsulotlarni tayyorlashni ikki baravarga oshirish uchun asos yaratishga qodir boʻlgan mis sanoati klasterlarini tuzish masalasi davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborida. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida bu yoʻnalishda anchagina ishlar bajarilmoqda. Bu yerda 3-mis boyitish fabrikasi qurilishi davom etyapti. Prezidentimiz loyihaning roʻyobga chiqarilish jarayoni bilan tanishgan chogʻida uni tezlashtirish va fabrikani 2023-yil oxirigacha ishga tushirish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berdi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining JORC kodeksi boʻyicha baholangan mis resurslari 45 million tonnaga teng deb hisoblanmoqda. Shundan kelib chiqib, 2030-yilga borib, mis ishlab chiqarishni 515 ming tonnaga yetkazish boʻyicha konsepsiya ishlab chiqilgan. Shuning uchun 3-mis boyitish fabrikasining qurilishi bilan bir paytda 4-fabrikani ham loyihalashtirish moʻljallanmoqda. Natijada rudani qayta ishlash quvvatlarini uch barobarga oshirish mumkin boʻladi. Shuningdek, mis klasteri yaratish rejalashtirilgan. Oʻtgan yil oxiridayoq 76 million dollarlik 22 ta loyiha shakllantirilgan boʻlib, ular misni qayta ishlash, sanoatning turli tarmoqlari va tashqi bozorda talabga ega boʻlgan, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan.

Noyob quvvatlar qudrati

Taraqqiyot strategiyasida milliy iqtisodiyotni yaqin besh yilda rivojlantirishning tarkibiy qismi sifatida kimyo va gaz-kimyo tarmoqlarini rivojlantirish, xususan, tabiiy gazni qayta ishlashni 8 dan 20 foizgacha va kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2 milliard dollargacha yetkazish koʻzda tutilgan. Bunga esa real asos bor, imkoniyat yetarli. Masalan, oʻtgan yil oxirida foydalanishga topshirilgan “Uzbekistan GTL” yuqori texnologik zavodi sintetik suyuq yonilgʻi ishlab chiqarishga moʻljallangan.

Bunday oʻta zamonaviy majmua dunyo miqyosida juda kam. Korxonada har yili 3,6 milliard kubometr tabiiy gaz qayta ishlanadi hamda eng soʻnggi texnologiya va jihozlar yordamida qiymati 1 milliard dollardan ortiq boʻlgan 1,5 million tonna suyuq yonilgʻi ishlab chiqariladi. Yuqori sifatli aviakerosin, “Yevro-6” dan kam boʻlmagan yuqori standartlarga mos dizel yonilgʻisi, nafta va suyultirilgan gaz bilan bir qatorda, zavod bazasida qiymati 620 million dollarlik oltita loyiha amalga oshirilgach, kimyo sanoatida, maishiy anjomlar, mebel, qurilish materiallari va elektrotexnika, toʻqimachilik va charm sanoati mahsulotlari ishlab chiqarishda keng qoʻllaniladigan buten va geksen, sintetik moylar, malein angidrid, emulsion qoʻshimchalar, katalizatorlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.

Amerikaning “EIN Presswire” nashrida qayd etishlaricha, qisqa muddat ichida choʻlda gigant zavod va kimyo klasteri paydo boʻldi, ularning qurilishi pandemiya sharoitida ham toʻxtamadi. “Bunday noyob majmua shu paytgacha jahonda faqat 4 ta davlatda — Qatar, Nigeriya, Janubiy Afrika Respublikasi va Malayziyada barpo etilgan edi, — deya xabar beriladi nashrda. — Ushbu zavod butun mintaqada neft-gaz-kimyo sanoati boʻyicha eng katta korxonadir. Eng muhimi, zavod tufayli Oʻzbekistonda yiliga 500 million dollarlik import oʻrni qoplanadi”.

Mualliflar taʼkidlaganidek, butun dunyo faol ravishda “yashil” iqtisodiyotga oʻtyapti, yangi zavod ham shu anʼanaga rioya qilmoqda. Zavod mahsuloti eng yuqori xalqaro ekologik talablar, meʼyor va standartlarga javob beradi, deb qayd etiladi maqolada.

“Uzbekistan GTL”ning qurilishi tugashi bilan yana bitta majmua barpo etilishiga start berildi, u esa Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasining quvvatini uch baravar oshirishga imkon yaratadi. Yangi korxonada “Uzbekistan GTL” zavodida ishlab chiqariladigan 430 ming tonna naftani qayta ishlash hisobiga yiliga 380 ming tonna polietilen va polipropilen tayyorlanadi.

Shu ikkita yangi zavod tufayli Shoʻrtan majmuasi doirasida Oʻzbekistondagi ilk gaz-kimyo klasteri tuziladi, undagi ishlab chiqarish hajmi 2025-yilga borib 1,8 milliard dollarga yetkaziladi yoki 6 baravarga koʻpayadi. Mamlakatimizda tabiiy gazni qayta ishlash koʻrsatkichi hozirgi 8 foizdan 14 foizgacha ortadi.

Bundan tashqari, tabiiy gazni qayta ishlashni chuqurlashtirish va tayyor mahsulot ishlab chiqarish maqsadida Toshkent, Navoiy, Fargʻona, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpogʻistonning Ustyurtida yana beshta kimyo-texnologik klaster tashkil etiladi. Ularda qiymati yiliga besh milliard dollarni tashkil etuvchi 180 turdagi yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Yana bir misol. Taraqqiyot strategiyasiga koʻra, charm-poyabzal sanoatida ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va mahsulot tayyorlashni uch baravarga koʻtarish koʻzda tutilgan.

Xoʻsh, bu sohaning imkoniyatlari qanday? Bu savolga quyidagi raqam va dalillardan javob olamiz. Gap shundaki, 2017-yildan beri sohada ishlab chiqarish salkam 6-martaga, tayyor mahsulot ulushi esa 32 foizdan 78 foizgacha ortgan. Tagʻin bu — barcha zaxiralar ishga solinmay turib. Masalan, xom ashyoni tayyorlash, hisobga olish va unga ishlov berish tizimini yaxshilash, yangi va modernizatsiya qilingan korxonalarni tashkil etish, mamlakatimizning turli mintaqalaridagi 16 ta maxsus kichik sanoat zonalari faoliyatini jonlantirish lozim. Tarmoqning rivoji davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotganini ham aytib oʻtmasak boʻlmaydi. Jumladan, maxsus kichik sanoat zonalari joylashgan viloyatlarda tegishli infratuzilmani yaratish uchun byudjetdan 90 milliard soʻm ajratiladi. Shu tarmoqda biznes boshlash istagini bildirgan tadbirkorlarga uch yillik imtiyozli davr bilan 7 yilga kredit beriladi. Umumiy hisobda tarmoqni qoʻllab-quvvatlashga joriy yilda 60 million dollar miqdorida imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Taraqqiyot strategiyasida qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini ikki baravar koʻpaytirish koʻzda tutilgan. Toʻqimachilik sanoati mahsulotlari ishlab chiqarishni ikki baravar, elektrotexnika sanoatida yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni ham shunchaga oshirish belgilangan. Mebel mahsulotlari tayyorlash hajmi 2,8-marta, farmatsevtika tarmogʻida esa 3-marta ortadi. Umuman olganda, oʻsish foizlarda emas, balki bir necha barobarlik koʻrsatkichlarda moʻljallanmoqda.

“Inson qadri uchun” tamoyili asosida roʻyobga chiqariladigan keng koʻlamli islohotlar mamlakatimiz taraqqiyotiga kuchli impuls beradi. Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasiga muvofiq, davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari qatorida kambagʻallikni qisqartirish, fuqarolarni ijtimoiy himoyalash, ularni ish oʻrinlari va kafolatli daromad manbai, malakali tibbiy va taʼlim xizmatlari, munosib turmush sharoitlari bilan taʼminlash choralari belgilangan. Bu ishlarning barchasi, avvalo, rivojlangan davlat va adolatli jamiyat qurish jarayonida inson qadr-qimmatini ulugʻlashga qaratilgandir.

Taʼkidlash joizki, mamlakatimizdagi farovon hayotni taʼminlash yoʻlida izchil olib borilayotgan tub yangilanishlar Oʻzbekistonning xalqaro obroʻ-eʼtibori va nufuzini ham oshirishga xizmat qilmoqda. Buni yaqindan kuzatayotgan taniqli ekspertlar, siyosatchi va tahlilchilar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevni “Singapur moʻjizasi” asoschisi Li Kuan Yu hamda Xitoy iqtisodiy taraqqiyoti meʼmori Den Syaopinga oʻxshatishmoqda. Ammo yurtimizda olib borilayotgan jadal islohotlar ushbu davlat arboblari ilgari surgan taraqqiyot strategiyalariga qiyoslanganda oʻzining shiddatkorligi, insonparvarligi, xalqning asriy orzulari, manfaatlariga uygʻun ekani bilan oʻziga xosdir. Binobarin, yangi Oʻzbekistonning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasida belgilangan chora-tadbirlarga eʼtibor qilgan har qanday inson buni teran anglaydi.

Yangi Oʻzbekiston va uchinchi Renessansni qurish yoʻlida amalga oshirilayotgan tub oʻzgarishlar — yangi davrning umidbaxsh epkinlari har bir qalbga ajib bir koʻtarinkilik, surur, baland ruh baxsh etadi. Ertangi kunga boʻlgan mustahkam ishonch har birimizni milliy taraqqiyotimizga munosib hissa qoʻshishga undaydi.

Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер