Volontyorlik faoliyatiga oid qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Senatning qirq uchinchi yalpi majlisida “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda volontyorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, fuqarolarning ijtimoiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga, ularning ijtimoiy vazifalarni hal etishdagi mas’uliyatini kuchaytirishga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi.

Shu bilan birga volontyorlik faoliyatini yanada rag‘batlantirish, davlat organlarining volontyorlik faoliyatini amalga oshiruvchi sub’yektlar bilan hamkorligini kuchaytirish, ijtimoiy vazifalarni hal etishda volontyorlarga ko‘maklashish, ularning xizmatlarini e’tirof etish hamda taqdirlash mexanizmlarini takomillashtirishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Ushbu Qonun bilan Vazirlar Mahkamasiga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga volontyorlik faoliyati sohasidagi davlat maqsadli dasturlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va ularning bajarilishini ta’minlash bo‘yicha vakolatlar berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Yoshlar siyosati va sport vazirligi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi volontyorlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilanmoqda. Zero statistik ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda volontyorlik guruhlari a’zolarining 80 foizini yoshlar tashkil etadi.
Qonunga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligi sohada davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish, volontyorlik faoliyati sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi vakolatlarga ega bo‘ladi.

O‘z navbatida, Senat a’zolari tomonidan Qonun muhokamasi jarayonida kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar volontyorlik faoliyatini rivojlantirishda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining mas’uliyatini oshirishga hamda volontyorlik faoliyatini yanada rag‘batlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Shuningdek, senatorlar ushbu Qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda, ayniqsa yoshlar orasida xayrli tashabbuslar yanada ko‘payishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.




Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring