Vodiydagi eng baland bino “Namangan Square”da quriladi
Fargʻona vodiysidagi birinchi “Smart City” Namanganda bunyod etilmoqda. “Namangan Square” deya nomlangan mazkur loyiha “MJ Developers” xalqaro qurilishi kompaniyasi tomonidan amalga oshirilyapti.
Mazkur kompaniya vakillari loyiha ijrosiga kirishilganini rasman eʼlon qildi.
18 gektar maydonni egallaydigan “aqlli shahar” mashhur hind arxitektori Xafiz Kontraktor tomonidan loyihalashtirilgan. Unda ilgʻor “yashil texnologiya”lardan oqilona foydalanilgan boʻlib, bu yerda nafaqat yashash, biznes yuritish, balki hordiq chiqarish va sport bilan shugʻullanish uchun barcha shart-sharoit yaratiladi.
Gap shundaki, shaharcha umumiy maydonining 10 gektarini yashil hududlar egallaydi. Noyob landshaft dizaynidagi xiyobon, golf klubi maydoni, daraxtlarga burkangan yugurish va velosiped yoʻlaklari, shuningdek, basketbol, tennis, futzal, vorkaut hamda skeyting maydonlari — bularning bari shu yerda yashovchilar uchun taqdim etiladi. Bunda zamonaviylik bilan birga, hududning bogʻdorchilikdagi qadimiy anʼanalaridan ham foydalanilar ekan.
— “Namangan Square”da 10 ming kishi yashashga moʻljallangan goʻzal shaharcha boʻlib, 1500 ta turarjoy qad rostlaydi, — deydi “MJ Developers” taʼsischilaridan biri Antik Jalan. — Uy-joylarning aksariyati 5 va 9 qavatli boʻladi. Bundan tashqari, noyob dizayn va konstruksiyali 20 qavatli egizak bino ham quriladi. Ular shaharchaning asosiy bezagiga aylanishi, shubhasiz. Ushbu inshootlar Fargʻona vodiysidagi dastlabki eng baland imoratlar hisoblanadi. Ular Namangan shahrining toʻrt burchagidan yaqqol koʻrinib turadi.
“Namangan Square”dagi qurilish ishlariga 20 mingga yaqin ishchi-xodimlar jalb etiladi. Ularning gʻayrat-shijoati bilan zamonaviy uylar 2021-yilda foydalanishga topshiriladi.
Kompaniya tomonidan kelgusida Buxoro shahrida toʻrt yulduzli muhtasham mehmonxona, Toshkentda esa yana bir yirik qurilish loyihasi hayotga tatbiq qilinishi rejalashtirilgan.
Said RAHMONOV,
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring