Vladimir Norov Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Bilaval Bhutto Zardariy bilan uchrashuv oʻtkazdi
Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati
2022-yil 29-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi (TIVK) yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Bilaval Bhutto Zardariy bilan uchrashuv oʻtkazdi.
B.Zardariy Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan SHHT TIVK yigʻilishi juda muvaffaqiyatli va yuqori tashkiliy darajada oʻtgani, bu yil Tashkilot faoliyatidagi asosiy voqea – Samarqand shahrida boʻlajak Sammitga tayyorgarlik koʻrishning yakuniy bosqichi boʻlganini taʼkidladi. Pokiston tomoni Oʻzbekistonning Tashkilotga raisligi doirasida ilgari surilgan tashabbus va takliflarning toʻliq qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi.
Oʻzbekiston-Pokiston munosabatlarini yanada rivojlantirishning hozirgi holati va istiqbollari koʻrib chiqildi. Siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish va madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlar koʻrish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish maqsadida savdo va bojxona tartib-qoidalarini oʻzaro asosda osonlashtirish, ikki mamlakat oʻrtasida havo qatnovini tiklash, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Madaniyat, taʼlim va turizm sohasidagi aloqalarni faollashtirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Ayrim xalqaro va mintaqaviy masalalar, jumladan, Afgʻonistondagi vaziyat muhokama qilindi. Pokiston TIV rahbari konstruktiv xalqaro muloqot uchun zamin yaratgan Afgʻoniston boʻyicha konferensiyaning samarali natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring