Vladimir Norov BMT Bolalar jamgʻarmasining (UNICEF) Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Afshon Xon bilan uchrashdi
Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati
2022-yil 15-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bolalar sohasidagi yirik xalqaro tadbirlarda ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamgʻarmasining (UNICEF) Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Afshon Xon bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va UNICEF oʻrtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi, aloqalarni yanada mustahkamlash boʻyicha uzoq muddatli rejalar belgilab olindi.
Afshon Xon Oʻzbekiston bilan UNICEF oʻrtasidagi hamkorlik soʻnggi yillardagi ijobiy surʼatlarda rivojlanayotgani, respublikada yirik qoʻshma tadbir va loyihalarni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha aloqalar jadallashgani mamnuniyat bilan qayd etdi.
U Oʻzbekistonning mintaqada bolalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, jumladan, ularning sifatli taʼlim-tarbiya olishi uchun qulay shart-sharoit yaratish borasidagi islohotlarni amalga oshirishdagi muhim rolini taʼkidladi.
YUNISEFning mintaqaviy direktori shu kunlarda Toshkentda oʻtkazilayotgan YUNESKOning Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berish boʻyicha ikkinchi Butunjahon konferensiyasini yuqori baholadi. Ushbu anjuman barcha uchun umumiy, adolatli va sifatli taʼlimni taʼminlash boʻyicha ilgʻor tajribalar almashish uchun xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuv davomida Vladimir Norov Afshon Xonga mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida bolalarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularning salomatligini taʼminlash va sifatli taʼlim-tarbiya olish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida maʼlumot berdi.
Bolalar va yoshlar manfaatlari yoʻlida aniq natijalarga erishish maqsadida, jumladan, 2022-2026-yillarda Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish doirasida YUNISEF bilan samarali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring