Vladimir Norov AQSHning Xalqaro diniy erkinlik sohasidagi maxsus topshiriqlari boʻyicha elchisi Rashad Husayn bilan uchrashuv oʻtkazdi

09:32 16 Dekabr 2022 Siyosat
446 0

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Amerika Qoʻshma Shtatlarining Xalqaro diniy erkinlik sohasidagi maxsus topshiriqlari boʻyicha elchisi Rashad Husayn bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Amerika tomoniga Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar, jumladan, fuqarolarning diniy huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumotlar berildi. Diniy erkinlikni taʼminlash, fuqarolar uchun diniy rasm-rusumlarni ado etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning qonuniy huquq va erkinliklarini himoya qilish Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot rivojlantirish strategiyasining muhim qismi ekani taʼkidlandi.

R.Husayn Oʻzbekistonda fuqarolarning din sohasidagi huquq va manfaatlarini taʼminlash, bu boradagi milliy qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, mamlakatda dinlararo oʻzaro anglashuv muhitini mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlarini, shu jumladan diniy tashkilotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrilayotgan tizimli chora-tadbirlar natijalarini olqishladi.

Amerika tomoni, shuningdek, diniy rasm-rusumlarni ado etish va dindorlarning oʻz eʼtiqodlarini ifoda etishlari uchun yanada kengroq sharoitlar yaratish radikal qarshi kurashga yordam berishini taʼkidladi. R.Husayn ushbu sohadagi islohotlar, shu jumladan, qonun hujjatlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga qaratilgan saʼy-harakatlar davom etishiga ishonch bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar diniy erkinlikni himoya qilish sohasida hamkorlikni mustahkamlash uchun muntazam ravishda amaliy muloqot olib borishga kelishib oldilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер