Virtual auditoriyalarga moslashish zarur
Pandemiya sharoiti butun dunyoda taʼlim tizimini oʻzgartirib yubordi. Bugun koʻrinmas yov bilan kurashda faollar va fidoyilar qatorida avvalo, shifokorlar turgan boʻlsa, keyingi navbatda pedagoglarni eʼtirof etsak yanglishmaymiz. Kechagina auditoriyada oʻtilgan darslarning favqulodda onlayn platformaga koʻchgani taʼlim beruvchi ustozlar uchun ham katta tajriba-sinov maktabi boʻldi.
Mamlakatimizdagi epidemiologik vaziyat va sinovli kunlarda yurtimizning barcha taʼlim muassasalarida juda qisqa fursat ichida onlayn darslar yoʻlga qoʻyildi. Dastlab mazkur oʻzgarishlar biroz noqulayliklarni keltirib chiqargan boʻlsa-da, yangi gʻoya va tashabbuslarni, hozirgi davr uchun zarur boʻlgan innovatsiyalarni taʼlim sohasiga kiritilishiga imkon yaratdi.
Hozirda ZOOM platformasi orqali onlayn darslar tashkil qilinib, universitetning har bir professor-oʻqituvchisi bu platformaga videomaʼruza, maʼruzalar matni, mavzular boʻyicha taqdimot materiallari, mustaqil ish, ochiq va yopiq testlarni kiritib, oʻz vaqtida talabalarning bilimlarini baholab boryaptilar. Onlayn dars — bu yangicha uslub va anʼanaviy darsdan tubdan farq qiladi. Demak, har bir oʻqituvchi-pedagog endi auditoriyadagi yondashuvlarni qisman unutib, virtual auditoriyalarga moslashishi zarur, chunki bu darslarning ham oʻziga yarasha jiddiy talab va shartlari bor.
Onlayn darslar vositasida talaba-yoshlarimiz koʻproq mustaqil ishlashga, ilmiy ijod bilan shugʻullanishlariga, kitoblarni mutolaa qilish imkoniyatiga ega boʻldilar, pedagog-oʻqituvchilarimiz esa xorij olimlari ishtirokida tashkil qilinayotgan onlayn videokonferensiyalarda qatnashib, kasbiy mahoratlarini rivojlantirish uchun muntazam ishlashga intilyaptilar.
Talabalarning taʼlim sohasiga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishda qulayliklar yaratish bilan respublikamizning malakali raqobatbardosh mutaxassislarga boʻlgan ehtiyoji ham qondiriladi. Shuningdek, talabalarning ijtimoiy va kasbiy faolliklarini oshirishga erishish mumkin. Sirtqi boʻlimlarda tahsil olayotgan talabalarning, xususan, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda taʼlim olayotgan yoshlar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratib beradi. Bunday uslub asosida oʻqitish boʻlajak mutaxassislarni tayyorlashda muhim oʻrin tutadi hamda mehnat bilan mashgʻul shaxslarning jamiyat hayotidagi faolligini mustahkamlab, ularning dunyoqarashini boyitishga xizmat qiladi. Bu esa, oliy taʼlim muassasalarida yigʻilgan ilmiy yutuqlar, mutaxassis xodimlar va ularning ishtirokida yurtimizning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashdek ustuvor rejalarni amalga oshirish vazifasini qoʻymoqda.
Zamonaviy globallashuv sharoitida oliy taʼlim sohasidagi onlayn oʻqitish usullari axborot vositalari bilan boyitilishi natijasida taʼlim sifatining yana-da ortishi kutilmoqda. Bu borada masofaviy oʻqitish usuli oʻqituvchi va talabalar uchun ham qator qulayliklarga egaligi bilan alohida ahamiyatga egadir. Endigi vaziyat talabalar uchun zarur boʻlgan oʻquv-uslubiy materiallar, oʻquv qoʻllanmalar asosida kompyuter dasturlari ishlab chiqish vazifasini qoʻymoqda. Zero, masofaviy oʻqitish har qanday sohada ham jahon taʼlim markazlarining uslubiy adabiyotlari, zamonaviy hamda soʻnggi axborotlarni olish, jamlab foydalanish imkoniyatlarini beradi.
Muhabbat Hakimova,
Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi
“Filologiya, psixologiya va pedagogika”
Ilmiy-texnik kengashi raisi,
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori,
pedagogika fanlari doktori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring