Viola, shafran, atirgul va rayhon
Foto: Халқ сўзи
Davlatobod gullar shahri – Namanganning ramziy darvozasi. Mehmonlarning qadimiy va navqiron kentga qadami shu tumandan boshlanadi. Binobarin, shahar haqidagi ilk taassurot ham shu joydan shakllanadi. Amalda viloyat markazining mazkur kenja tumani manzaralaridan koʻz quvonadi. Ayniqsa, yoʻllar boʻyida erta bahordan kech kuzga qadar yashnab turadigan gulzorlarning ohanrabosi oʻzgacha. Binobarin, joriy yil bahorida yomgʻirlar fasli poyoniga yetib-yetmay Davlatobodda turfa gullar yana chaman ocha boshladi.

Koʻkalamzorlashtirish mavsumiga moʻljallangan manzilli rejaga asosan tumanda 850 ming tupdan koʻproq gul ekish rejalashtirilgan. Bu boradagi ishlar jadal davom etayotgani yoʻl boʻylari va dam olish joylari kun sayin chamanzorlarga aylanayotganidan ham bilish mumkin.
— Bahorning oʻtgan ilk oyida 68 ming tup kichik, 45 ming tup katta boʻyli atirgullar, 55 ming tup viola, 3 ming tup shafran, bundan tashqari ziniya, pelargoniya, salviya, petuniya singari minglab gul koʻchatlari oʻtqazildi, — deydi Davlatobod tuman obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi Dilshodbek Vohisov. — Bu yil koʻcha boʻylari va xiyobonlarda oʻzimizning xonaki gullarimiz, shuningdek, xushboʻy iforli rayhon ham koʻplab ekiladi.

Darvoqe, bu yil Namanganda oltmish birinchi bor nishonlanadigan Gullar festivali koʻrgazmalarida namoyish etiladigan noyob gulu chechaklarning salmoqli qismi ham Davlatoboddagi maxsus plantatsiyalarda parvarishlanmoqda.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring