Viloyat hokimi marhum shoir xonadoniga bordi. Ijodkorning uy-kutubxonasi barpo etiladi

15:27 16 Dekabr 2020 Madaniyat
2099 0

Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov marhum shoir Shafoat Rahmatullo Termiziy yashagan Termiz shahar Tuproqqoʻrgʻon mahallasidagi xonadonda boʻlib, shoirning boy kitob fondiga ega kutubxonasi bilan tanishdi. Shoirning turmush oʻrtogʻi Xosiyat Rahmatullayeva bilan suhbatlashib, uning yaxshi fazilatlari yodga olindi.

Shafoat Rahmatullayev 1941-yil 10-mayda Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida tavallud topgan. 1965-yili Toshkent Davlat konservatoriyasini tamomlagan. Shoirning “Janub shamoli”, “Umid ostonasi”, “Ozod soʻz”, “Koʻrinmay gulladim”, “Shoh va shoir” singari kitoblari nashr etilgan. Shuningdek, musiqa sohasida “Musiqa uslubiyoti”, “Musiqa alifbosi” va “Boshlangʻich musiqa” risolalari muallifidir.

El suygan shoir 1968-yildan to vafotiga qadar Termiz davlat universitetida yosh avlodga saboq berib, koʻplab shogirdlar tayyorlagan. Uzoq yillar Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi viloyat boʻlimini boshqargan. 1998-yilda “Shuhrat” medali, 2003-yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.

H.Rahmatullayeva shoirni esga olib, undan yodgorlik boʻlib qolgan asarlari, musiqa asboblari, jismoniy mashgʻulot bilan shugʻullangan sport anjomlari va boshqa noyob buyumlari bilan tanishtirdi. Chop etilmay qolgan sheʼr va dostonlarini kelgusi avlodlarga yetkazish uchun avaylab-asrab kelayotganini aytdi.

— Shafoat Rahmatullo Termiziy yurtimizning taniqli shoiri, yoshu keksani yaqin doʻsti, dilkash, xokisor inson edi, – dedi viloyat hokimi. – U kishining adabiyot, sanat va ilm-fanga qoʻshgan hissasi hamisha qadrlanadi. Oʻzining betakror sheʼrlari, dostonlari bilan xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod maʼnaviyatini, kitobxonlik madaniyatini oshirish yoʻlida beminnat xizmat qilgan ulugʻ inson oilasining munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlarni yaratib, meros qolgan asarlarini asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga yetkazish bizning burchimizdir.

Shu kuni atoqli shoir yashagan uyni tubdan taʼmirlash, zamonaviy mebellar bilan jihozlash, shuningdek, kelgusida shoirning uy-kutubxonasini barpo etish boʻyicha choralar belgilandi.

Ilhom Rahmatov,
“Xalq soʻzi” muxbiri.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер