Vengriya tomonidan ajratilayotgan taʼlim grantlari soni koʻpaydi

18:48 20 Dekabr 2023 Jamiyat
477 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda deputatlar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining “Mamlakatimiz yoshlarini Vengriya davlatining «Hungarikum stipendiyasi” grant dasturi imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda ikki davlat oliy taʼlim muassasalari aloqalarini yanada faollashtirish toʻgʻrisida»gi axborotini eshitdi.

Taʼkidlanganidek, taʼlim sohasidagi ikki tomonlama munosabatlar istiqbolli. Bugun Oʻzbekiston — Vengriya oʻrtasida taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlik aloqalari jadallashib bormoqda. 2020-yilda imzolangan tegishli memorandumga koʻra, Vengriya hukumati tomonidan Oʻzbekiston fuqarolariga ushbu xorijiy mamlakat oliy taʼlim muassasalarida bakalavr, magistratura va doktorantura bosqichlarida oʻqish uchun yiliga jami 100 tadan taʼlim grantlari ajratib kelinayotgan edi.

Oʻtgan davrda Oʻzbekiston fuqarolari uchun Vengriya tomonidan har yili ajratib kelinayotgan taʼlim grantlari sonini koʻpaytirish boʻyicha muayyan ishlar olib borildi. Natijada 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab, Vengriya tomonidan har yili ajratilayotgan taʼlim grantlari soni 100 tadan 170 taga koʻpaydi.

“Hungarikum stipendiyasi” grant dasturi oʻtgan qisqa davrda oʻzbekistonlik yoshlarning eʼtiborini tortdi. Dastur doirasida Oʻzbekiston va Vengriyaning yetakchi taʼlim muassasalarini jalb etgan holda qoʻshma taʼlim dasturlari ishlab chiqilib, har ikki davlat universitetlari orasida aloqalar shakllanib bormoqda. Yoshlar bakalavr taʼlim yoʻnalishlarida va magistratura mutaxassisliklarida Vengriya davlatidagi taʼlim muassasalarida bepul sifatli taʼlim olmoqda.

Keyingi yillarda ushbu taʼlim dasturi grantlariga dunyo boʻylab talabgorlar soni ortib boryapti. Mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalari talabalarining ham ushbu dasturga qiziqishi yuqori. Xususan, 2023/2024 oʻquv yilida dastur asosida ajratilgan 170 ta oʻringa 798 nafar talaba yoshlar hujjat topshirgan. Hozirgi kunda 111 nafar talaba ushbu grant asosida tahsil olmoqda.

Shu bilan birga, maʼlum sabablarga koʻra, turli davlatlardan kelgan va oʻqishini oʻz muddatida yakunlay olmagan stipendiatlar soni ham ortgan. Oʻz muddatida oʻqishni tugata olmagan yoshlarga oʻqishni bitirish uchun imkoniyat yaratish maqsadida, ular uchun grant muddati yana bir yilga uzaytirilmoqda. Buning hisobiga esa Vengriya hukumati tomonidan tasdiqlangan kvotalarga nisbatan ajratilgan grant oʻrinlari kamroq boʻlmoqda.

Yigʻilishda qayd etilganidek, har bir talabgorning ushbu taʼlim grantini qoʻlga kiritish darajasi Vengriya davlati tomonidan oʻtkaziladigan kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirishiga ham bogʻliq. Ushbu taʼlim granti dasturi bilan bir qatorda, har yili Oʻzbekiston fuqarolari Vengriya universitetlari tomonidan eʼlon qilingan grant oʻrinlar tanlovlarida ishtirok etib, Vengriya oliy oʻquv yurtlariga mustaqil tarzda grant asosida oʻqishga kirishi mumkin.

Qizgʻin savol-javoblar davomida deputatlar bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy baholash bilan birga, Vengriya davlati bilan sohada hamkorlikni yanada rivojlantirish va taʼlim grantlari dasturini Oʻzbekistonda yanada samarali amalga oshirilishini taʼminlash zarurligini qayd etdilar. Shuningdek, bu boʻyicha bir qator takliflar ilgari surildi.

Yakunda kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер