Venada Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi

15:58 27 Fevral 2023 Dunyo
983 0

Tadbirda YEXHT Parlament Assambleyasi delegatsiyalari, Avstriyaning siyosiy, iqtisodiy, madaniy va akademik doiralari, shuningdek, yetakchi tahlil markazlari ekspertlari hamda Vena shahrida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatiya korpusi vakillari ishtirok etishdi.

Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar va konstitutsiyaviy islohotlar mazmuni va tub mohiyatiga bagʻishlangan taqdimot oʻtkazildi. Unda ishtirokchilarga 2017 - 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan ishlar, mamlakatimizning yangilangan tashqi siyosati va iqtisodiy taraqqiyot yoʻlida erishilgan asosiy muvaffaqiyatlari, shuningdek, konstitutsiyaviy islohotlarning konseptual bandlari, maqsad va vazifalari, Oʻzbekiston xalqining xohish-irodasini inobatga olgan holda amalga oshirilayotgan muhokama bosqichlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

Taqdimot ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi. Ular oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.

Muhokama jarayonida qatnashchilar oʻz fikrlarni bildirishdi. Jumladan, YEXHTning sobiq Bosh kotibi, YEXHT PAning yuqori darajadagi eksperti Lamberto Zaner Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni diqqat bilan kuzatib borishini maʼlum qilar ekan, mamlakatimizdagi oʻzgarishlarning yuqori surʼati oʻzida katta taassurotlar qoldirganini aytdi. “Oʻtgan 5-6 yil ichida Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi tizimi, demokratiya va inson huquqlarini rivojlantirish sohalarida tub oʻzgarishlar amalga oshirildi”, dedi Lamberto Zaner.

Xalqaro va konstitutsiyaviy huquq sohasidagi taniqli mutaxassis, Garvard universiteti yuridik fakultetining Global huquq va siyosat instituti ilmiy kengashi aʼzosi Leopold Shpext Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgartirishlar puxta ishlab chiqilayotganini alohida taʼkidladi. “Yangilanayotgan Konstitutsiyaning huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyatini qurish, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqning osoyishta va farovon hayot kechirishi uchun shart-sharoitlar yaratishni eng ustuvor vazifa sifatida oʻzida mujassamlashtirgani Yevropaning koʻplab davlatlariga oʻrnak boʻlib xizmat qiladi”, dedi u.

Avstriya siyosiy va tahlil doiralari vakillari Konstitutsiyaviy komissiyaga mamlakatimiz aholisi tomonidan 220 mingdan ortiq takliflar yuborilganligini, Oʻzbekiston hukumatining mazkur masala boʻyicha umumxalq referendumini oʻtkazish va fuqarolarga oʻz konstitutsiyasini oʻzlari shakllantirishlari hamda tanlashlari uchun imkoniyat yaratib berayotganini yuqori baholashdi.

Avstriyaning Yevropa tadqiqotlari va xavfsizlik siyosati instituti vitse-prezidenti, YEXHT PAning sobiq raisi Kristin Muttonenning aytishicha, Oʻzbekiston bugun islohotlar sari tinimsiz intilayotgan “tezyurar poyezd”ga oʻxshaydi. “Koʻp qutbli dunyoning hozirgi tendensiyalari hamda yuzaga kelayotgan tahdidlar, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, inson huquqlari va demokratiyani taʼminlash uchun kuchli shart-sharoitlar yaratish zarurligini taqozo etmoqda. Oʻzbekiston esa oʻz xalqiga oʻz kelajagini tanlash imkoniyatini berib shunday sharoitlarni yaratib bermoqda”, dedi Kristin Muttonen.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер