Vazir kubogini boysunlik qizlar qoʻlga kiritdi

22:11 30 Mart 2026 Jamiyat
213 0

Termiz shahrida oʻquvchi qizlar oʻrtasida futbol boʻyicha “Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri kubogi” musobaqasining respublika final bosqichi yuqori saviyada oʻtkazildi.

Mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan jamoalar oʻrtasidagi oʻyinlar qizgʻin va kurashlarga boy kechdi. Maydonga tushgan har bir qiz gʻalaba uchun bor kuchini ishga solib, oʻz mahoratini namoyon etdi.

Yakuniy natijalarga koʻra, Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi 30-maktab jamoasi barchadan ustun kelib, birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Boʻzatov tumani 10-maktab jamoasi ikkinchi, Surxondaryo viloyati Qumqoʻrgʻon tumani 42-maktab jamoasi esa uchinchi oʻrinni egalladi.

Gʻolib jamoaga “Damas” avtomobili va 250 million soʻm pul mukofoti topshirildi. Ikkinchi oʻrin sohiblari 200 million soʻm va avtomobil bilan taqdirlandi. Uchinchi oʻrinni egallagan jamoaga esa 150 million soʻmlik vaucher hamda avtomobil berildi.

Shuningdek, musobaqada qatnashgan barcha 16 ta jamoa ham eʼtibordan chetda qolmadi. Ularga pul mukofotlari, sport maydonchalari barpo etish uchun imkoniyatlar, zamonaviy televizorlar va futbol toʻplari topshirildi.

Taqdirlash marosimida Sport vaziri Adxam Ikramov hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzozaxon Karimova ishtirok etdi.

Musobaqa yakunida tashkil etilgan konsert dasturi tadbirga bayramona kayfiyat bagʻishladi.

Bu kabi musobaqalar yoshlar oʻrtasida sportni ommalashtirish, ayniqsa, qizlarning jismonan sogʻlom va faol boʻlib ulgʻayishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер