Vazir Hilola Umarova Surxondaryodagi maktabgacha taʼlim tashkilotida boʻldi
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova Termiz shahridagi 9-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida boʻlib, muassasa jamoasi va bolajonlar bilan suhbatlashdi.
Unda yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik, tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, taʼlim muassasasi faoliyatini yanada yaxshilash kabi mavzularda soʻz bordi.

Shuningdek, vazir muassasada tashkil etilgan badiiy gimnastika toʻgaragi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Toʻgarakka aʼzo qizlar bilan muloqot qildi.
Uchrashuv doirasida viloyatda bogʻcha yoshidagi bolalarni gimnastika toʻgaraklariga jalb etish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar taqdimoti oʻtkazildi.

— Bugungi kunda taʼlim sohasi yangilanish, yuksalishning yangi davriga oʻtdi, — deydi 9-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti direktori Nasiba Xushshiyeva. — Maktabgacha taʼlim tizimida tub islohotlar amalga oshirildi. Shahar va qishloqlarimizda qanchalab yangi bogʻchalar ochildi. Bolajonlar bogʻcha yoshidan oʻz iqtidorini namoyon etishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Bu kelajakka mustahkam poydevor boʻladi.
Ayni vaqtda Termiz shahrida 32 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud. Eʼtiborlisi, ularning barchasida badiiy gimnastika toʻgaraklari faoliyat yuritmoqda. Mazkur toʻgaraklar “Sogʻlom zurriyod” shiori ostida tashkil etilgan boʻlib, mashgʻulotlar malakali ustozlar tomonidan olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring