Vazir axboroti deputatlarni qoniqtirdimi?
Muhokamalarga boy boʻlgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan deputatlar Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.Abduhakimovning axborotini eshitdilar.
Majlisda taʼkidlanganidek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida har yil kamida 200 million tup daraxt ekish nazarda tutilgan. Oʻtgan 2022-yilda jami 202,7 mln. tup daraxt koʻchatlari ekilgan boʻlsa, mazkur koʻrsatkich joriy yil bahor mavsumida 127,7 mln. tupni tashkil etgan. Koʻchat ekish ishlari viloyat, tuman, mahallalar, taʼlim muassasalari, vazirlik va idoralar kesimida tasdiqlangan manzilli dasturlar asosida yoʻlga qoʻyilgan.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida aholi bandligi va daromadlarini oshirish maqsadida koʻchat yetishtirish ishlariga tadbirkorlik subyektlari va ishsiz fuqarorlar keng jalb etilgan. Jumladan, joriy yilda aholi tomorqalarida 55 mln tup, tadbirkorlik subyektlari tomonidan 49 mln tupdan ziyod manzarali, mevali daraxt va butalar koʻchatlari yetishtirilgan.
Majlisda deputatlar ekilgan daraxtlarni saqlab qolish maqsadida sugʻorish tizimlarini va suv chiqarish quduqlarini tashkil etish, bu jarayonlarda suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanish, koʻchat yetishtirish ishlariga xususiy tadbirkorlar va ishsiz fuqarolarni haq evaziga keng jalb etish, daraxt va butalarning zararkunandalari hamda kasalliklariga qarshi kurashish tadbirlarini amalga oshirish lozimligini taʼkidladilar.
Shuningdek, koʻchatxonalar sonini oshirish, hududlarda iqlimga mos, kam suv talab qiladigan daraxt navlarini koʻpaytirish, har bir hududning iqlimi, tuproq sharoitlaridan kelib chiqqan holda daraxt turi va ekish joylarni belgilash boʻyicha tegishli taklif va tavsiyalar berildi.
Savol-javob va muhokamalarga boy boʻlgan majlisda deputatlar tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi yuzasidan atroflicha maʼlumotlar taqdim etilgani eʼtirof etilib, vazirning axboroti maʼlumot uchun qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring