Vatanparvarlik oyligi qanday oʻtadi?

14:48 26 Dekabr 2019 Jamiyat
3985 0

Aksariyat hollarda Vatan himoyachilari kuni arafasidagina harbiylar “jonlanadi”, boshqa payt-chi, qabilidagi eʼtirozlar quloqqa chalinadi. AOKAda shu kabi savollarga javob topish maqsadida, “Vatanparvarlik — milliy yuksalish kafolati!” umumiy shiori ostida Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlangan tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlash” mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi. Tadbirda Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiya masʼul xodimlari, Mudofaa vazirligi huzuridagi jamoatchilik kengashi aʼzolari, shuningdek, OAV xodimlari ishtirok etdi.

Anjumanda soha boʻyicha maʼlumotlar ochiqligi, jurnalistlar uchun press-turlar oʻtkazilishi, harbiy sohaga bagʻishlangan filmlar ahamiyati, shuningdek, 2019-yil 15-dekabrdan 2020-yil 15-yanvargacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tadbirlar xususida soʻz yuritildi.

— Vatanparvarlik oyligi doirasida chekka hududlarda ham faol tarzda tadbirlar oʻtkazish, maktab oʻquvchilarini yanada koʻproq jalb etish rejalashtirilgan. — deydi podpolkovnik Zohidjon Isaqov. — Boisi yurtparvarlik ruhi yoshlikdan singdirib borish bizning ham vazifamiz sanaladi. Shu maʼnoda, oylik tadbirlari doirasida oʻquvchilar bilan davra suhbatlari oʻtkazish, harbiy orkestr chiqishlarini namoyish etish, joylarda harbiy namoyishlar uyushtirish, umuman, bu galgi tadbirlarni oʻzgacha shukuhda oʻtkazish rejalashtirilgan. Bunda jarayonlarni keng ommaga yetkazishda albatta ommaviy axborot vositalari xodimlariga suyanamiz.

Maʼlumotlarga koʻra, dasturda yoshlar oʻrtasida harbiy-vatanparvarlik mavzusidagi insho, surat, sheʼr va amaliy sanʼat tanlovlari, ijodiy tanlovlar va sport musobaqalari, jumladan, “Men albatta harbiy boʻlaman!” tanlovi, “Men ham Vatanimga xizmat qilaman!” mavzusidagi estafetalar, harbiy orkestr va badiiy havaskorlik guruhlarining konsert dasturlari va chiqishlari, shuningdek, shuningdek, harbiy texnika va qurol-aslahalarning modernizatsiya qilingan namunalari namoyish etiladigan “Techno Discovery” festivallari va boshqa koʻplab tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Yulduz Oʻrmonova,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер