Vatanparvarlik — eng ulugʻ tuygʻu
Foto: "Xalq soʻzi"
Sirdaryo viloyatida 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy vatanparvarlik mavzusi doirasida koʻplab tadbirlar boʻlib oʻtmoqda. Jumladan, Milliy gvardiyaning Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi va Qoʻriqlash boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan Guliston tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatda tashkil etilgan tadbirda kitobning insoniyat hayotida tutgan oʻrni, kitobxonlik madaniyati mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Harbiy xizmatchilar va oʻquvchilar oʻzlari oʻqigan asarlar, kitobning yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi muhim ahamiyati haqida suhbatlashdilar. Oʻquvchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar. Shuningdek, tadbir davomida faxriylar, harbiy xizmatchilar va oʻquvchilar ishtirokida shaxmat-shashka musobaqasi oʻtkazildi. Gʻoliblarga esdalik sovgʻalari topshirildi.
Sirdaryo tumanidagi 532-harbiy qismda esa Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi harbiy xodimlari ishtirokida “Xalq va armiya bir jonu bir tanmiz” shiori ostida uch avlod uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Keksa avlod vakillari yosh vatanparvarlarga oʻz umr yoʻllari va faoliyatlari haqida soʻzlab berdilar. Bunga javoban yosh harbiy xizmatchilar ularning izidan borib, qutlugʻ ona zaminning har bir qarichini muqaddas bilib, Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilajaklarini izhor etishdi.
— Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda ishtirok etish faoliyatimizning asosiy yoʻnalishlaridan biriga aylangan,— deydi Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik Gʻofurjon Qayumov. — Buning uchun ular bilan tez-tez uchrashuvlar oʻtkazib turamiz. Xususan, “Ochiq eshiklar kuni” deyarli har oyda boʻlib turadi. Qolaversa, boshqarmamiz tomonidan Vatanga muhabbat va vatanparvarlikni tarannum etuvchi tanlovlar ham tashkil etiladi. Jumladan yaqinda ayni mavzuda suratlar tanlovi oʻtkazildi.
Shuningdek, Milliy gvardiyaning Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi va Qoʻriqlash boshqarmasining bir guruh harbiy xizmatchilari bayram arafasida harbiy xizmatchilarning xonadonlariga tashrif buyurib, oilalardagi shart-sharoitlar, bolalarning oʻqishlari, kitob mutolaa qilishlari uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishdilar. Bolalar bilan boʻlgan muloqotlar chogʻida ularning qiziqishlari, shu jumladan, sport bilan shugʻullanishlariga alohida eʼtibor qaratdilar.
Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring