Vatanni sevishni sizdan oʻrgandim

19:21 05 Sentyabr 2022 Jamiyat
688 0

Arxiv surat

Nazm gulshani

Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir — togʻ farzandi. Parkent togʻlari etagida tugʻilib-oʻsdi. Adabiyot boʻstoniga kirib keldi. Shu bois uning feʼl-atvoriga ham, yurish-turishiga ham, ijodiy salohiyatiga ham togʻlardek ulugʻvorlik, koʻlamdorlik, salobat va koʻrkamlik xos.

Shoir asarlarida insonni INSON sifatida ushlab turadigan ezgu tushunchalar, Vatanga muhabbat, xalqparvarlik, mehr-oqibat va sadoqat, odamiylik kabi azaliy qadriyatlar xalqona uslubda, oʻziga xos tashbehlar bilan baland pardalarda kuylanadi.

Quyida Mahmud Toir sheʼrlaridan bahramand boʻlasiz.

OʻRGANDIM

Oʻrgatgan odamning soʻzida oftob,
Oʻrgangan odamning yuzida oftob.
Yashamoq — aslida soʻroqqa javob,
Ey, Siz ilk ustozim — Onam, dilbandim,
Vatanni sevishni sizdan oʻrgandim.

Derdingiz, rayhonda dilning rangi bor,
Muhabbat ahlida gulning rangi bor,
Mehru oqibatda elning rangi bor,
Elga elandim men, sizga elandim,
Vatanni sevishni sizdan oʻrgandim.

Degansiz, haq soʻzning tashnasi boʻlgin,
Sadoqat sahrosin chashmasi boʻlgin,
Yaxshilik azmida toʻkilgin, toʻlgin,
Ona, dilingizda daryo koʻrgandim,
Vatanni sevishni sizdan oʻrgandim.

Oftob ostonamdan ketganda bildim,
Botar manziliga yetganda bildim,
Choʻbin otingizni tutganda bildim,
Kech dedi, hech dedim, diydor tilandim,
Vatanni sevishni sizdan oʻrgandim.

Onani asrash bu — Vatanni asrash,
Onadek bagʻri keng chamanni asrash,
Kerak, hey, onadek gulxanni asrash,
Sizni eslasam ham baxtga belandim,
Vatanni sevishni sizdan oʻrgandim.

Onalar dunyoning duri azali,
Ey, siz — koʻnglim koʻzin soʻnmas mashʼali,
Sogʻinchim ohining bitmas gʻazali,
Ruhiy olamingiz tinchin tilandim,
Vatanni sevishni sizdan oʻrgandim.

YANGI YOʻLLAR

Inson tongda koʻz ochib, bismillah deb yoʻl bosar,
Yaratganga yolvorib, xush duoga qoʻl ochar,
Yaxshi niyat odamzot qadamiga nur sochar,
Halol rizq yaratganda bilsang tolmagay qoʻllar,
Murodimiz mevasi – bu yoʻllardir, bu yoʻllar!

Bu ravon yoʻlda yurib, oʻtmishingga boqib koʻr,
Ohi ummon tarixing ohlarida oqib koʻr,
Tiyrak nazar, tafakkur chirogʻini yoqib koʻr,
Koʻzlaringga koʻringay, chinqirib yotgan choʻllar,
Ne-ne kunlar guvohi, bu yoʻllardir, bu yoʻllar!

Gʻafur Gʻulom dard toʻkkan “Turksib yoʻllarida”,*
Yozolmay qolgan rost soʻz boʻzlagan dillarida,
Qalam ham qon qaqshagan titragan qoʻllarida,
Choʻlpon, Fitrat, Qodiriy, elim degan ne erlar,
Oxiratga oldinroq olib ketgan bu yoʻllar!

Bu yoʻllardan oʻtmadi, ne-ne azob karvoni,
Tuproq bilan teng boʻldi, gohi millatning shoni,
Shukurkim, keldi yurtga Hurriyatning zamoni,
Oʻz erkidan entikdi, orziqib kutgan dillar,
Elning quvonch yoshini sipqorgan ham shu yoʻllar!

Maqsad ulugʻ, yoʻl ravon – olib chiqar dunyoga,
Tenglar ichra teng millat gʻolib chiqar dunyoga,
Axir kim tashna emas, muhabbatga, ziyoga,
Qalblar qalbga vobasta, izhorda burro tillar,
Yayrab yursang yashnagay, yangi-yangi bu yoʻllar!

Narvon boshiga hech kim sakrab chiqolgan emas,
Mushkulini odamzot dodlab yecholgan emas,
Alangasi oʻzidan chiqqan elni el demas,
Oʻz-oʻziga choh qazir, nafsiga abad qullar,
Yuragimiz yuzidan ochaylik yangi yoʻllar!

Insonni ezgu ishga, avvalo, ongi yoʻllar,
Kim shukurda uygʻonsa, umrining tongi yoʻllar,
Har viloyat, har tuman bagʻrida yangi yoʻllar,
Biz bir-birni qoʻllasak, Yaratgan bizni qoʻllar,
Toshkentga chiroy boʻldi, Yurtboshi ochgan yoʻllar!

Bugungi Oʻzbekiston oʻz yangi boʻstonida,
Monolit koʻpriklar ham, bir yangi imkoni-da,
Ajdodlar nomi balqir millatimiz shonida,
Shodon ruhlar koʻklardan ne ajab duo yoʻllar,
Yangi Oʻzbekistonga yarashgay yangi yoʻllar!

 Mahmud TOIR,
 Oʻzbekiston xalq shoiri.

*Gʻafur Gʻulomning shu nomdagi sheʼri koʻzda tutilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер