Vatanni sev tuprogʻini oʻp, har qarichi muqaddas bizga!
Mirishkor tumanining eng olis va chekka hududlaridan biri boʻlgan Boʻston mahallasida “Xalq va armiya — bir tanu bir jon!” shiori ostida harbiy vatanparvarlik festivali boʻlib oʻtdi.
Respublika harbiy prokuraturasi, Janubi-Gʻarbiy maxsus harbiy okrug qoʻmondonligi, tuman hokimligi hamda boshqa mutasaddi idoralar hamkorligida tashkil etilgan tadbir harbiy texnikalar, qurol-yarogʻlar koʻrgazmasi bilan boshlandi. Ishtirokchilar mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida foydalanilayotgan zamonaviy texnologiyalar, qurol-aslahalar, ularning imkoniyatlari bilan tanishishdi.

Shundan soʻng sportsevar yoshlar ishtirokida sportning koʻplab turlari boʻyicha musobaqalar tashkil etildi. Qizgʻin va murosasiz kechgan bahslar soʻngida gʻolib va sovrindorlar aniqlanib, diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
— Yoshlarda vatanparvarlik ruhini kuchaytirish, harbiy kasbga nisbatan gʻurur va iftixor hissini uygʻotish, xalq va armiya yakdilligini taʼminlashda bu kabi festivallarning ahamiyati juda katta, — deydi Janubi-Gʻarbiy maxsus harbiy okrug faxriylar kengashi raisi Sharif Madiyev. — Harbiy xizmatchilarning hududlarda boʻlib, yoshlar, aholi vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazishi, hamkorlikda badiiy dasturlar, festivallar tashkil etishi anʼana tusini olayotgani, albatta, quvonarli holat. Bugungi tadbir ham olis qishloqdagi minglab yoshlarning qalbida vatanparvarlik hissi, milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini yana bir qadar yuksaltirgani, harbiy kasbga nisbatan qiziqish uygʻotganiga ishonchim komil.

Tadbir soʻngida harbiy xizmatchilar hamda yosh sportchilar tomonidan ijro etilgan turli koʻrgazmali chiqishlar ishtirokchilarda yanada katta taassurot qoldirdi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring