Vatandan yaralgan Vatandan ketmas
Arxiv surat
Taniqli shoir va jurnalist Saʼdulla Hakim 1951-yil 25-martda Jizzax viloyati Forish tumanidagi soʻlim Garasha qishlogʻida tugʻilgan.
Ijodkorning “Hamal tonglari”, “Sen kutgan bahor”, “Yoz oqshomi”, “Ona soʻz”, “Saylanma”, “Koʻngil yuzi”, “Koʻhna naql” kabi oʻndan ortiq sheʼriy toʻplamlari, qator dostonlari, publitsistik asarlari xalqimiz tomonidan sevib mutolaa qilib kelinmoqda.
Shoir sheʼrlarida jonajon Vatanimizning goʻzal manzaralari, tuygʻularning jozib tasvirlari donishmandona falsafa, xalqona ifodalarga yoʻgʻrilgan holda, oʻziga xos uslubda tarannum etiladi.
VATANGA MANSUBLIK
Banogoh choʻqqidan qulasa bir tosh,
Togʻ poyiga tushar, togʻni tark etmas.
Et bilan tirnoqdek bir jonu bir tan,
Vatandan yaralgan Vatandan ketmas.
Quyoshga intilgan havoyi bugʻlar,
Baland parvozlarni qilsa ham havas,
Bir kun qaytib kelar oʻkirib-yigʻlab,
Vatandan yaralgan Vatandan ketmas.
Shashmaqom — ming yillik navo muattar,
Ochsam koʻkayimni yangrar qadim sas.
Avlodlar tugʻilar, ajdodlar oʻtar,
Vatandan yaralgan Vatandan ketmas.
Ulugʻlar yuksalar yer ostida ham,
Haykal boʻlib oʻsar, eli unutmas.
Shahidlar bogʻidan kuylab oʻtaman:
Vatandan yaralgan Vatandan ketmas.
Toshdan uchgan uchqun yalt etib oʻchar,
Oʻchgan choʻgʻ qayta oʻz holiga kelmas.
Choponing silkisang gʻubori koʻchar,
Vatandan toʻqilgan Vatandan emas!
NAY
— Ohanglaring munglar nahrimi,
Nay, bunchalar maʼyussan nega?
— Aytolmagan hasratlarini
Soʻzlashadi odamlar menga!
OʻRMONCHILAR
Oʻrmonchilar haqida hangomaga bu bir gap,
Koʻrgan-eshitgan hayron: oʻrmonchilar netdilar?
Egri-bugri qayragʻoch soyasida soyalab,
Toʻgʻri oʻsgan terakni shartta kesib ketdilar…
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring