“Vatan taraqqiyotiga mening hissam” tanlovining viloyat bosqichi gʻoliblari aniqlandi

17:57 22 Noyabr 2023 Jamiyat
549 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Buxoro shahrida respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va boshqa bir qator vazirlik hamda tashkilotlar hamkorligida oʻtkazilayotgan “Vatan taraqqiyotiga mening hissam” koʻrik – tanlovining viloyat bosqichi oʻtkazildi.

— Uchinchi bor 15 – 30 yoshli yigit – qizlar oʻrtasida oʻtkazilayotgan bu tanlov isteʼdodli yoshlarni aniqlashda, ular salohiyati, qobiliyatini yuzaga chiqarishda, navqiron avlod vakillarini milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda,- dedi tadbir avvalida soʻz olgan respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi viloyat boʻlimi rahbari Marhabo Pardayeva.- Bugungi oʻziga xos bahsda ham tanlovning shahar, tuman bosqichida gʻolib boʻlgan yosh iqtidor egalari ishtirok etishmoqda.

— Tanlovning “Tasviriy va amaliy sanʼat” yoʻnalishida qatnashyapman,- deydi Qorovulbozor tumani vakili Mohinur Hamdamova.- Institutda tahsil olib, ayni damda tuman madaniyat markazida faoliyat koʻrsatyapman. Bilasiz, Oʻzbekiston – koʻpmillatli mamlakat. Men oʻz ijodiy ishlarimda shu serquyosh zaminni Vatan deb bilgan qozoq, rus, turkman millatiga mansub yurtdoshlarimizning qiyofasini yaratishga intilyapman.

Hayajonli kechgan tanlov yakuniga koʻra, hakamlar hayʼati “Milliy maqom va milliy estrada“ yoʻnalishida Buxoro shahri vakili Zuhra Jumaqulovani birinchi oʻringa munosib deb topdi. ”Tasviriy va amaliy sanʼat” yoʻnalishida Buxoro tumani vakili Sabrina Nizomova, “Adabiyot va publitsistika” yoʻnalishida vobkentlik Jasur Esanov gʻolib chiqdi.

Gʻolib va sovrindorlar hamda “Eng yaxshi ijodiy yondashuv” nominatsiyasi gʻoliblari tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер