Vatan ravnaqiga bel bogʻlagan yoshlar
Foto: "Xalq so'zi"
Qarshi shahridagi Maʼnaviyat maskanida oʻtkazilgan “Vatan taraqqiyotiga mening hissam” tanlovining viloyat bosqichida tashabbuskor va fidoyi, tuman, shahar bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 15 dan 30 yoshgacha boʻlgan 45 nafar yigit-qiz oʻzaro bahs olib bordi.
Prezidentimizning 2021-yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya, Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida oʻtkazilayotgan mazkur tanlovda ishtirokchilar tasviriy va amaliy sanʼat, adabiyot va publitsistika hamda milliy maqom va milliy estrada boʻyicha iqtidor va mahoratini sinovdan oʻtkazdi.
Tasviriy va amaliy sanʼat yoʻnalishida Koson tumanidagi 20-maktab oʻqituvchisi Xolisa Abdullayeva, adabiyot va publitsistika yoʻnalishida ham Koson tumanidan 85-maktabning ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchisi Jobir Ismatullayev, milliy maqom va milliy estrada boʻyicha Shahrisabz tumanidagi 47-maktabning 11-sinf oʻquvchisi Jasmina Sheraliyeva tanlovning respublika bosqichiga yoʻllanma oldi.
Tanlov doirasida, shuningdek, “Besh tashabbus oʻgʻloni” va “Besh tashabbus malikasi” nominatsiyalari sohiblari ham aniqlandi.
Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring