Vatan, aylanayin tuproqlaringdan!
Arxiv surat
Sheʼriyatni sharif bilguvchi shoira Sharifa Salimovaning bitiklari har bir koʻngilga yaqin. Zero, ularda shoiraning samimiy tuygʻulari, qaynoq nafasi, yurak zarbi yaqqol sezilib turadi.
Ijodkorning “Hayot zavqi”, “Mening bahorim”, “Hizr bulogʻi” va boshqa toʻplamlari kitobxonlar qoʻliga yetib borishi bilan ularning yaqin doʻstiga, hamrohiga aylangani shundan.
Quyida shoira ijodidan namunalar bilan tanishasiz.
* * *
Oltinrang yaproqlar shivirlab yotar…
Oltinrang yaproqlar… oltinlangan his…
Oltinrang yaproqlar qismatni ichar:
— Yashil umrimizda boshlanibdi kuz…
Oh, k u z z z…
Daraxt barglarida oltinlanar nur,
Shamolda hilpirar bir daraxt xazon.
Oltinrang yaproqlar bir-birin quchar:
— Nahot xazon boʻlmoq shunchalar oson?
Shunchalar oson?
Kuz qushlari qoʻnmas xazonli boqqa,
Ular olislarga olmoqdalar yoʻl.
Oltinrang yaproqlar aytar alvido,
Yerdan samo sari uzatgancha qoʻl…
Derlar: Bahorlarga albat yetingiz,
Yashil yaproqlarga qoʻnib oʻtingiz.
Atrofga boqaman: oltindir dunyo,
Atrofga boqaman – xazonlar dengiz.
Oltinrang libosda ajib viqor-la
Mevalarni bir-bir terib olar kuz...
Mevalarni bir-bir terib olar kuz.
Xazonli bogʻlarda tentidim uzoq,
Quloqni yorguday kuzning jarangi.
Yerdan samo qadar zaʼfaron dengiz…
Nahot shuncha goʻzal iztirob rangi…
K u z z z …
VATAN
Vatan, aylanayin tuproqlaringdan,
Soya-salqin bergan yaproqlaringdan.
Men daryo koʻksida Vatan koʻrdim, deb
Choʻqqidan otilgan irmoqlaringdan.
Qaldirgʻoch valfajr aytadi sayron,
Tumshugʻin intilib choʻzar polapon,
Vassajuftli uying aylagach makon,
Qaldirgʻoch rizq tutar urvoqlaringdan.
Zangor dengiz yangligʻ chayqalar dalam,
Rayhonga suv separ kelinchaklar ham,
Bogʻingda olmalar yuzlari taram,
Shirmoy non uzilar oʻchoqlaringdan.
Olloh nazar qilgan sehrli diyor,
Dunyoni titratgan daholaring bor,
Tuprogʻing zarrasi jonimga tumor,
Yuz chaygum iymondek qirgʻoqlaringdan.
Bugun oltin tojli Alpomishim sen,
Qodiriy ham oʻzing, ham Kumushim sen,
Zarlarga belangan Humo qushim sen,
Dunyo gul ogʻushlar quchoqlaringdan.
Vatan, onajonim, jonu jahonim,
Koʻksida oʻstirgan firdavs makonim,
Mangu zavol bilmas Oʻzbekistonim,
Vatan, aylanayin tuproqlaringdan!
Sharifa SALIMOVA
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring