Vaqtinchalik moliyaviy qiyinchilikka uchragan 473 ta korxonaning 33,9 mlrd.soʻm soliq qarzi toʻlov muddatlari uzaytirildi

15:50 06 Iyul 2021 Iqtisodiyot
1259 0

Bu haqda AOKAda boʻlib oʻtgan brifingda Davlat soliq qoʻmitasi matbuot kotibi Muzaffar Nazarov maʼlum qildi. Muloqot davomida u aholidan kelib tushgan savollarga ham javob berdi.

Savol: Mana bir yildan oshdi epidemiologik vaziyat oʻzgarib, karantin sharoitida koʻplab tadbirkorlik subyektlari turli moliyaviy va boshqa qiyinchiliklarni boshidan kechirmoqda. Soliq organlari tomonidan soliqchi-koʻmakchi degan soʻzlarni koʻp eshitamiz. Ular shunday paytda biznesga qanday yordam koʻrsatdi? Aniq raqamlar bormi?

Javob: “Soliqchi — koʻmakchi” tizimini amaliyotga keng joriy etish maqsadida, 2021-yilning yanvar-iyun oylarida tadbirkorlarda koʻp uchrayotgan va ularni qiynayotgan dastlab 9 ta belgilab olinib, quyidagi ishlar amalga oshirildi.

Birinchidan, soliq turlari boʻyicha 21 569 ta subyektlarning 2 534,8 mlrd.soʻm mavjud ortiqcha toʻlov summasi qaytarib berildi (shundan, qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha 3 841 tasiga 2 166,9 mlrd.soʻm).

Ikkinchidan, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan hamkorlikda 290 ta subyektlarning 18,7 mlrd.soʻmlik soliq majburiyatlari ularning debitor qarzdorliklari hisobidan undirilishi hal qilindi.

Uchinchidan, vaqtinchalik moliyaviy qiyinchilikka uchragan 473 ta korxonalarning 33,9 mlrd.soʻm soliq qarzi toʻlov muddatlari uzaytirildi.

Toʻrtinchidan, tadbirkorlik subyektlarini ortiqcha xarajatlar va qonun buzilishlaridan saqlash maqsadida, 42,8 mingtasiga hisobotlarini toʻldirish va topshirishga koʻmaklashildi.

Beshinchidan, yangi ochilgan tadbirkorlik subyektlarining 4,8 mingtasiga faoliyat turidan kelib chiqib, optimal soliq rejimini tanlab berildi.

Oltinchidan, soliq toʻlovchilarning huquqlarini keng targʻib qilish orqali mavjud imtiyozlardan foydalanish tartibi yuzasidan 5,5 mingtasiga tushuncha berildi.

Yettinchidan, soliq qarzi toʻgʻrisida maʼlumot soʻrab murojaat qilgan 8,6 mingta, shaxsiy kartochkadan koʻchirma soʻrab murojaat qilgan 3,9 mingta tadbirkorlik subyektlariga maʼlumotnoma taqdim etildi.

Sakkizinchidan, aylanma mablagʻga muhtoj boʻlgan 771 ta tadbirkorlik subyektlariga 139,9 mlrd.soʻm kredit olinishiga koʻmaklashildi.

Toʻqqizinchidan, yer va bino olishda muammolari mavjud 281 ta tadbirkorlik subyektlariga soliq organlari tashabbusi bilan yer va bino olishga koʻmaklashildi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер