Valyuta ayirboshlash bilan shugʻullanib kelgan shaxslar qoʻlga olindi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jizzax shahri boʻlimi va Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazildi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Unga koʻra, oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida valyuta ayirboshlash bilan shugʻullanib kelgan muqaddam sudlangan fuqaro I.S. 10 ming AQSH dollarini 129,2 million soʻmga sotgan vaqtida ushlangan. Aniqlanishicha, uning yonidan sotishga moʻljallagan 5 ming 563 AQSH dollari va 7,8 million soʻm pullar borligi oydinlashib, jami 15 ming 563 AQSH dollari va 7,8 million soʻm pullar ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyilgan.
Shu kabi yana bir holat, Departamentning Andijon shahri boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ham aniqlangan.
Unda, valyuta ayirboshlash bilan shugʻullanib kelgan fuqarolar Q.A. va A.E. fuqaro Ya.Yu.ga 4 ming AQSH dollarini 51,5 million soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Bundan tashqari, Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan “Malikrabot” MFY hududida oʻtkazilgan tezkor tadbirda valyuta ayirboshlash bilan shugʻullanib kelgan fuqaro J.I. fuqaro Sh.S.ga 3 ming 400 AQSH dollarini 44,2 million soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
“Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki oʻtkazish) bilan bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda”, — deyiladi Departament xabarida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring