Vagon boʻshligʻiga yashirilgan “gashish”

19:00 22 Fevral 2020 Jamiyat
806 0

Oʻzbekiston hamda Tojikiston Respublikasi. Bu ikki qardosh xalqni azaliy umumiy tarix va uzviy maʼnaviy qadriyatlar bogʻlab turadi. Qadimdan quda-andachilik, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hurmat anʼanalari asosida ikki davlat oʻrtasida shakllangan doʻstona munosabatlar barqaror rivojlanmoqda. Ikki qardosh xalq oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlarni yana-da yaxshilash maqsadida, yurtimiz orqali transport vositalarining erkin harakatlanishi uchun keng sharoitlar yaratib berilmoqda.

Ammo bu sharoitlardan gʻaraz maqsadlarda foydalanib, Vatanimiz chegaralari orqali kontrabanda ashyolarini olib oʻtishga urinayotgan ayrim kimsalar ham uchramoqda..

Biroq ziyrak bojxona xodimlari zamonaviy texnik-nazorat vositalari yordamida bunday urinishlarni aniqlash choralarini koʻrishmoqda.

2020-yil 18-fevral. Kunduz soat 14:30. Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasi hududidagi “Bekobod” temir yoʻl chegara bojxona posti. Tojikistondan Oʻzbekistonga ushbu bekat orqali 2005-sonli temir yoʻl tarkibi kirib keldi. Oʻrnatilgan tartibga koʻra, u “Nuctech RF 6010” rusumli inspeksion koʻrik majmuasidan oʻtkazildi. Undagi tasvirda vagonning platformasida begona jism yashirilganligi shubha ostiga olinib, bojxonachilar tomonidan mukammal nazoratdan oʻtkazildi.

Ogʻufurushlar bu gal hiylaning hech kim xayoliga kelmaydigan turini oʻylab topishgandi. Ular ushbu temir yoʻl sostavida boʻlgan 55004444-sonli usti ochiq yarim vagondan foydalanishmoqchi boʻlishdi. Bunga bojxonachilar ikkinchi darajali obyekt sifatida qarashadi deb, oʻylashgan shekilli. Shu bois, vagonning yon tomondagi ramasi ichki tarafidagi boʻshliqdan foydalanishgan.

Bojxona xodimi hamda uning “Chara” laqabli xizmat iti yordamida vagonning yon taraf ramasi ichki tarafidagi boʻshligʻida 473,1 gramm “Gashish” giyohvand moddasi borligi aniqlandi.

Bekobod tumani IIB EKMning 2020-yil 18.02 dagi 15-sonli ekspertiza xulosasiga asosan, qoʻshni davlatdan yuborilgan joʻnatma “Gashish” giyohvand moddasi ekanligi maʼlum boʻldi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan tezkor surishtirib ishlari olib borilmoqda.

Mavlyuda CHIMBERGENOVA,

Toshkent viloyati

Bojxona boshqarmasi

Axborot xizmati xodimi.

Shodiyor MUTAHAROV,

(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер