Uzumchilik maktabi shakllanib bormoqda
Foto: Xalq so‘zi
Buloqboshi tumanida uzumchilik sohasida oʻziga xos tajriba maktabi yaratilgan. Fermer xoʻjaliklaridan tashqari, aholi xonadonlarida ham eksportbop uzum hosili yetishtirish anʼanaga aylangan. Ushbu yoʻnalish orqali har bir xonadon yiliga oʻrtacha 20 mln. soʻmdan qoʻshimcha daromad olishida serdaromad uzum navlarining ahamiyati katta, albatta! Mirishkorlarning bu borada ham omadlari chopgan. Negaki, yangi navlar tumanning oʻzida yaratilmoqda. Misol uchun, Muhammadjon Boʻronov boshchiligidagi fermer xoʻjaligini olaylik. Bu yerda mahalliy sharoitga moslashtirilgan serdaromad, kasallikka chidamli va uzoq saqlash imkoni mavjud boʻlgan uzum koʻchatlari yetishtirilmoqda.

— 7 gektardan iborat maydonda uzum koʻchatlarini parvarishlamoqdaman, — deydi fermer suhbat chogʻida. — Oʻtgan yili 30 ming tup koʻchat tayyorlab, viloyatdagi fermer xoʻjaliklari va aholiga yetkazib berdik. Bu yil ham 1 gektar maydonda 50 ming tup yangi, serdaromad uzum koʻchatlarini yetishtirdik. Bundan tashqari, 5 gektardagi uzumzordan 20 tonna hosil oldik.
Fermer xoʻjaligida har bir qarich yer hisobli. Shu bois soʻritok ustida hosil yetishtirilsa, ostida koʻchat parvarishlanadi. Kelgusida yangi navlarni yaratish bilan bir qatorda uzumchilikda muhim ozuqa hisoblanmish biogumus tayyorlash ham rejaga kiritilgan. Bir soʻz bilan aytganda, tumanda sohaga oid bilim va tajribalar tobora shakllanib, uzumchilik maktabi taraqqiylashib bormoqda.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring