Ustozlar har doim eʼzozga loyiq
Botir MADIYOROV/«Xalq soʻzi». 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Fargʻona viloyati Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi tomonidan “Ustozlarni eʼzozlash” haftaligi eʼlon qilindi.
Haftalik davomida viloyatda professional taʼlim muassasalarida koʻp yillar samarali faoliyat olib borib, hozirda keksalik gashtini surayotgan faxriy oʻqituvchilar va ishlab chiqarish taʼlimi ustalari holidan xabar olinadi. Fayzli xonadonlarida “Uch avlod uchrashuvlari”, oʻquvchi yoshlar bilan yuzma-yuz muloqotlar tashkil etilmoqda.\

Xususan, Yozyovon, Toshloq, Beshariq tumanidagi kasb-hunar maktablarida uzoq yillar mobaynida ishlagan faxriy oʻqituvchilar, kasb taʼlimi ustalarining xonadonlariga borib, bayram sovgʻalari topshirildi. Bir piyola choy ustida samimiy suhbat uyushtirilib, bugungi yoshlar uchun yaratib berilayotgan zamonaviy sharoitlar, taʼlim dasturlari jahon andozalari darajasida isloh etilayotgani mamnuniyat bilan eʼtirof etildi. Nuroniylar yangi avlod vakillariga bunday eʼtibor va ragʻbatdan unumli foydalanish zarurligini taʼkidlashdi.
— Bugungi tashrif koʻnglimni togʻdek yuksaltirdi, — deydi Toshloq tumanida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Rahmatjon Qurbonov.—Koʻp yillar davomida tumandagi 2–sonli kasb–hunar maktabida faoliyat olib borganman. Qadrdon jamoamdan ham tez–tez yoʻqlab keladi. Biz nuroniylar bunday gʻamxoʻrlikdan hamisha mamnunmiz.

Oʻz navbatida taʼlim sohasidagi yangilanish va oʻzgarishlar, kelajagimiz vorislarining bu borada erishayotgan olamshumul yutuqlaridan doimo gʻururlanamiz.
Ayni kunlarda viloyatning barcha shahar–tumanlari boʻylab “Ustozlarni eʼzozlash” haftaligi davom etmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring