Urush qatnashchilariga ehtirom koʻrsatilmoqda

11:58 06 May 2021 Jamiyat
883 0

Xorazm viloyatida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 76 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan urush faxriylariga yoʻllagan tabriknomasi, pul mukofoti hamda qimmatbaho sovgʻalar tantanali ravishda topshirilmoqda.

Viloyat hokimi Farhod Ermanov viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi,  jamoatchilik vakillari  hamda harbiy orkestr hamrohligida Yangibozor tumanining Qalandardoʻrman qishlogʻida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Abdulla Ahmedov xonadonida boʻlib, otaxonga  davlatimiz rahbarining tabriknomasi, 12 million soʻm pul mukofoti hamda qimmatbaho sovgʻalarni tantanali ravishda topshirdi.

Abdulla bobo bu yil 96 bahorni qarshi oldi. Urushdan qaytgach 1966-yilgacha qishloq xoʻjaligi sohasida, keyin Yangibozor qurilish montaj boshqarmasida mexanik vazifasida ishladi. Nafaqaga chiqqach nevara-chevaralari, yaqinlari ardogʻida umrguzaronlik qilmoqda.

–Qaynotamni otam oʻrnida koʻraman, – deydi Abdulla boboning kelini Qurvonoy Qalandarova. –  Taqdir ekan 25 yoshimda ikki nafar farzandim bilan beva qoldim. Shundan soʻng otam umrini men va ikki nafar farzandimga bagʻishlab, roʻzgʻor yukining yolgʻiz boshimga tushishiga, bolalarning koʻngli oʻksishiga yoʻl qoʻymadi. Yillar mobaynida otam faqat biz uchun yashadi. Endi esa  men otam uchun yashayapman. Bu tabarruk yoshda u kishining xizmatini qilib, duosini olish baxti nasib etganiga shukrona aytaman. Xudoga shukr, 73 yoshga kirdim, nevara chevaralar yigʻilsa bir uyga sigʻmaydi. Otamizga koʻrsatilayotgan hurmat eʼtibor uchun oilamiz nomidan minnatdorchilik bildiraman!  

Bugun Xorazm viloyatida salkam bir asrlik tarixning jonli guvohi boʻlgan 17  nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va 870 nafar front orti mehnat faxriylari davlatimiz  ardogʻi,  xalqimizning eʼzozida  hayot kechirmoqda. Bayram munosabati bilan ularga sovgʻalar ulashilib, hurmat ehtirom koʻrsatilmoqda.

Odilbek Odamboyev,

 “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер