Urush faxriylari doimo eʼzozda
Bu yil Gʻalabaning 75 yilligi. Mazkur sana munosabati bilan OʻzLiDeP Fargʻona viloyati Kengashi jamoasi, deputatlar hamda partiya faollari Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xonadonlarida boʻlib, ularni Gʻalaba bayrami bilan tabriklab, suronli urush yillaridagi xotiralari bilan oʻrtoqlashmoqda.
Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi Lyubov Kartashova 1921-yili tugʻilgan. Bu onaxonning yoshligi ayni urush yillariga toʻgʻri keldi. Ayol boshi bilan erkaklar bilan bir safda yurtimiz ozodligi yoʻlida mardonavor xizmat qildi. U urush janggohlarida aloqa boʻlimida faoliyat yuritdi. Bugun yaqinlari ardogʻida 99 yoshini qarshi olayotgan jasorati oʻrnak boʻladigan onaxonni partiya faollari yoʻqlab bordilar.
Faxriy nuroniy bilan suhbatlasharkansiz, onaxonning koʻz oldida 0dahshatli urushning qiyofasi gavdalanadi. Bugungi kunga shukronalar keltirish asosiy mavzu boʻldi.
— Bugungidek nurafshon kunlarda yashash baxtiga musharraf boʻlishimizda jang maydonlarida mardlarcha olishgan, yurt shaʼni yoʻlida aziz jonlarini tahlikalarga qoʻygan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi hamda front orti mehnatkashlarining xizmatlari oldida bir umr taʼzimdamiz, — deydi deputat F.Madaliyeva.
Shuningdek, OʻzLiDePdan saylangan Toshloq tuman Kengashi deputatlari Muhtorjon Meliboyev va Akmaljon Shermatovlar tumandagi Ikkinchi jahon urushining tirik afsonalari — Rustam ota Akbarov, Fayzullo ota Eminov hamda Abar ota Turdaliyevlarning xollaridan xabar oldilar.
Xalq deputatlari Uchkoʻprik tuman Kengashi deputatlik guruhi aʼzolari ham ayni kunlarda mard va jasur bobolarimizning maroqli suhbatlaridan bahraman boʻlish bilan birga, ularni sogʻliklarini nazorat qilish, keksalik davrlarini shodumon oʻtkazishlariga oʻz hissalarini qoʻshayotir. Xususan, tuman Kengashi deputati Neʼmatjon Sultonov Uchkoʻprik tumanning Chek qishlogʻida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi T.Boʻtayev xonadonida boʻlib, otaxonni bayram bilan tabrikladi.
OʻzLiDeP Fargʻona viloyati Kengashi tomonidan barchamiz uchun qadrli boʻlgan bu nuroniylarimiz xollaridan xabar olish, ularga munosib turmush sharoitini yaratish kabi xayrli ishlar davom etmoqda.
Elyorjon EHSONOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring