Urib tursin, “Mehribon yurak” !

11:37 24 Oktyabr 2019 Jamiyat
2379 0

Navoiy viloyatida sakkiz nafar bolaning yuragida murakkab jarrohlik operatsiyalari belgilangan muddatidan ilgariroq oʻtkaziladi.

Buning boisi, Respublika Yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati Kengashi tashabbusi bilan Navoiy viloyat hokimligi hamkorligida boshlangan “Mehribon yurak” mega-aksiyasi kutilganidan koʻproq samara berayotganligidir.

Mazkur aksiya ilgari xabar berganimizdek, viloyatda turli koʻrinishdagi yurak xastaligidan aziyat chekayotgan 300 nafarga yaqin bolani davolash, zarur boʻlsa jarrohlik amaliyoti oʻtkazish maqsadida tashkil etilgan edi. Undan jamgʻarilgan homiylik mablagʻlari yurak xastaligiga chalingan bolalarni jarrohlik operatsiyasiga tayyorlash hamda operatsiyadan keyingi muolajalarga yoʻnaltiriladi. Operatsiyaning oʻzi esa mutlaqo bepul.

Aksiya Respublikamiz hamda Yaponiya, Xitoy, Rossiya kabi davlatlarda taʼlim olayotgan oʻzbek yoshlari tomonidan ham iliq kutib olinib, keng koʻlamda targʻib qilindi.

- Yurak xastaligiga chalingan bolalarning aksariyati kam taʼminlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandi, - deydi viloyat hokimi K. Tursunov aksiyani qoʻllab-quvvatlab. - Taʼkidlash joiz, har bir nogiron oʻsha oilaninggina emas, balki butun jamiyatning tashvishi. Nogiron parvarishi, uning dori-darmon taʼminoti, nafaqa tayinlash, uyda taʼlimni tashkil etish, xullas oʻnlab kishilar uning atrofiga jalb etiladi. Shu jihatdan har bir nogironni sogʻlom hayotga qaytarish, unga faol hayotning imkoniyat eshiklarini ochishdan chetda turmaslik jamiyat, binobarin oʻz tashvishidan chetda turmaslik bilan barobar.

Aksiyaga kecha rasman start berilib, uning mundarijasidagi 20 loyihadan 10tasi oʻtkazildi. Chunonchi, ixtiyoriy (donorlik) begʻaraz qon topshirish aksiyasida 200 nafardan ortiq turli soha xodimlari, yoshlar ishtirok etdi. Loyiha doirasida yurish marafoni, sport musobaqalari, rasmlar tanlovi kabi targʻibot tadbirlari tashkil etildi. “Yoshlar xiyoboni”da gala konsert uyushtirilib, ming-minglab yoshlar, keng jamoatchilik ishtiroki taʼminlandi.

Shu kunga qadar aksiya doirasida viloyatning tuman(shahar)laridan kelgan yoshlarning 20 nafari tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi va shifokorlar tomonidan xulosalar berilgan edi. Ularning 8 nafari yil nihoyasiga qadar operatsiya qilinadi.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер