Urgutdagi “Tersak” mahallasida ish boshlagan 25 ta mehmon uyida 50 dan ortiq fuqaroning bandligi taʼminlandi
“Tersak turizm qishlogʻi”ni tashkil etish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilda qishloq hududida 25 ta oilaviy mehmon uylari tashkil etilib, ularga Vazirlar Mahkamasining Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari asosida reyestrdan koʻchirmalar taqdim etildi.
Mazkur oilaviy mehmon uylari bir vaqtning oʻzida 250 nafar mahalliy va xorijiy sayyohlarni joylashtirish imkoniyatiga ega.
Hududning oʻziga xos tabiati, sharshara va soylari atrofida, togʻ yonbagʻrlarida dam olish maskanlari tashkil etilgan boʻlib sayyohlarning mazmunli hordiq chiqarishlariga xizmat qiladi.
Shu bilan birga mehmon uylarida turistlar uchun, qishloqning tabiiy sut-qatiq mahsulotlari, meva-sabzavotlaridan tatib koʻrish, milliy taomlar tayyorlash boʻyicha mahorat darslari, qishloqning etnik urf-odatlari namoyishi, agroturizm yoʻnalishida chorvachilik, bogʻdorchilik hamda dehqonchilikning qadimiy uslublari namoyish etiladi.
Mazkur qishloqda togʻ turizmi yoʻnalishida 4 ta gid ekskursovodlar faoliyat yuritadi.
Hududga tashrif buyurgan sayyohlarni togʻ turizmi yoʻnalishida piyoda, ot va boshqa ulovlarda sayr qildirish qishloqning oʻziga xos tabiati bilan tanishtirish imkoniyatlari yaratilgan.
Samarqand viloyati turizm va sport bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berishicha, tashkil etilgan oilaviy mehmon uylaridagi 25 ta xonadonda 52 nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi.
Kelgusida ularning xorijiy sayyohlarga xizmat koʻrsatish boʻyicha malakalari doimiy ravishda oshirib boriladi.
Abdulaziz Yoʻldoshev
(“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring