Urganchda Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litsey ochildi

18:19 04 Sentyabr 2023 Jamiyat
1734 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Eng ulugʻ va eng aziz bayramimiz shukuhi davom etayotgan ushbu kunlarda Xorazm viloyatida bir qator yangi inshootlar, ishlab chiqarish va ijtimoiy soha obyektlari foydalanishga topshirilmoqda. Bugun barcha taʼlim maskanlarida birinchi qoʻngʻiroq sadolari jaranglab, yangi oʻquv yili boshlanadigan qutlugʻ kunda Urganch shahridagi yana bir zamonaviy taʼlim muassasasi – Jaloliddin Manguberdi nomi bilan ataluvchi harbiy-akademik litsey ilk oʻquvchilarini oʻz bagʻriga oldi.

Hammamizga maʼlum, keyingi yillarda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari uchun malakali kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu maqsadda joriy yilning 12-iyun sanasida Prezidentimizning “Jaloliddin Manguberdi nomidagi harbiy-akademik litseyi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga muvofiq yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, harbiy-vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning intellektual salohiyati va jismoniy tayyorgarligini yanada rivojlantirish maqsadida Urganch shahrida zamonaviy loyiha asosida harbiy-akademik litsey barpo etildi.

Foto: “Xalq soʻzi”

300 oʻrinli mazkur oʻquv maskanini qurish va jihozlash uchun byudjetdan 53,5 mlrd. soʻm mablagʻ sarflangan. Bosh pudratchi tashkilot – “Chinobod qurilish” xususiy korxonasi bunyodkorlari obyektda qurilish ishlarini yuqori surʼat va aʼlo sifat bilan yakunladi.

— Eng soʻnggi rusumdagi axborot texnologiya va oʻquv laboratoriya uskunalari bilan jihozlangan taʼlim maskanida oʻquvchi yoshlarning puxta bilim olib, harbiy soha sir-asrorlarini egallashlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan, — deydi litsey direktori Ixtiyor Saidov. — Yana bir muhim jihati, Urganch davlat universiteti va Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik muhandislik bilim yurti ushbu litseyga ilmiy-metodik yordam koʻrsatish maqsadida biriktirildi. Yaqinda shaffof va adolatli oʻtgan tanlov natijalariga koʻra minglab talabgorlar orasidan eng tajribali, yetarli malaka va toifaga ega oʻqituvchilar hamda 150 nafar eng iqtidorli oʻquvchilar saralab olindi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Shuni ham taʼkidlab oʻtish lozimki, ushbu litseyning rahbar va pedagog xodimlari, harbiy xizmatchilari mehnatga haq toʻlash boʻyicha, oʻquvchilari esa oliy oʻquv yurtlariga kirishda “Temurbeklar maktabi” uchun belgilangan imtiyozlarga ega boʻladilar.

— Ushbu litseyda tahsil olish uchun Andijon viloyatining Qoʻrgʻontepa tumanidan keldim, — deydi Rashidbek Joʻrayev. — Sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, harbiy litseyga oʻqishga qabul qilindim. Maqsadim milliy armiyamiz saflarida yurtimizga sadoqat bilan xizmat qilish. Biz yoshlar ajdodlar anʼanalarini davom ettirishga, buyuk bobomiz Jaloliddin Manguberdining munosib vorislari boʻlib yetishishga soʻz beramiz.

Foto: “Xalq soʻzi”

Bu dargohga Jaloliddin Manguberdi bobomizning nomi berilishi bejiz emas, albatta. Chunki, mamlakatimiz va millatimiz faxri boʻlgan jasur sarkardaning hayoti, tariximizdagi oʻchmas jasorati yosh avlodlarimiz, Vatan himoyachilari uchun oʻziga xos ibrat namunasi boʻlib, ularni mardlik va matonatga chorlab turadi.

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер