“Unutmas meni bogʻim...”

19:33 05 May 2021 Jamiyat
1851 0

Fargʻona viloyatida ham urush qatnashchilari va nogironlariga pul mukofotlari, bayram sovgʻalari tantanali ravishda topshirilmoqda.

Quva tumanida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, 96 yoshli Ergash ota Toshboyev, Moʻmin ota Toshmatov xonadonlari viloyat hokimligi, sektor rahbarlari, harbiylar, jamoat tashkilotlari, mahalla vakillari tashrifidan yana-da fayzga toʻldi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tabarruk yoshli qahramonlarga Prezidentimizning bayram tabrigini tantanali ravishda oʻqib eshittirib, pul mukofoti, esdalik sovgʻalarini taqdim etdi.

Bayram shukuhi salkam bir asrlik umr dovoniga yaqinlashayotgan toshloqlik Rustam ota Akbarov, Fargʻona va Margʻilon shahri, Fargʻona tumanida yashovchi urush faxriysi va nogironlari, 2000-yili Sariosiyoda terrorchilarga qarshi ayovsiz janglarda halok boʻlgan harbiylar xonadonida ham davom ettirildi.

Samimiy suhbatlar jarayonida olovli urush yillari yodga olinib, mard va jasur bobolarimiz mangu barhayot ekanligi taʼkidlandi. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo boʻlishi uchun duoga qoʻl ochildi, bugungi farovon hayot, dorilamon kunlarga shukronalar aytildi.

— Mehribon onam va barcha yaqinlarimning duolari meni shafqatsiz urushdan omon qaytishimga sabab boʻlgan edi,-deydi navqiron 18 yoshida jangga kirgan Toshloq tumanidagi “Qumqishloq” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi Rustam ota Akbarov. – Ikkinchi jahon urushidan keyin bir umr qishloq xoʻjaligida ishladim. Bugungi kunda farzand va nabiralar ardogʻida umrguzaronlik qilyapman. Bunday eʼtibor va ragʻbat uchun Prezidentimizga kattadan-katta rahmat.

Oltiariq tumanining Oqboʻyra qishlogʻida yashovchi 96 yoshli Toʻlanboy Shokirovni hamqishloqlari erkalab “Katyusha togʻa” deb chaqirishadi. Boisi fayzli oila sohibi urush yillarining mashhur qoʻshigʻi “Katyusha”ga oʻynashni qoyillatadi. Bugun ham qahramon mehmonlarga eng sevimli qoʻshigʻiga raqsga tushib berdi.

Ayni kunlarda viloyat shahar va tumanlarida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, nogironlari hamda mustaqillik yillarida yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan oʻgʻlonlarining oilalariga hurmat-ehtirom koʻrsatish tadbirlari davom etmoqda.

Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер