Umrboqiy anʼanalar tantanasi

14:13 21 Mart 2022 Jamiyat
1577 0

Foto: Халқ сўзи

Navroʻz umumxalq bayrami Toshkent viloyatiga oʻzgacha shukuh bilan kirib keldi. Viloyatning barcha tuman va shahar hokimliklari tomonidan 10-martdan buyon tashkil etib kelinayotgan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalarida bu jarayon yaqqol koʻzga tashlanib turibdi. Bayram dasturxona uchun aholiga goʻsht-sut, meva-sabzavot va poliz mahsulotlari arzonlashgan narxlarda taqdim etilmoqda.

Kuni kecha viloyatning maʼmuriy markazi – Nurafshonda “Bahor valsi” yangradi. Rus, ukrain, tatar, tojik, qirgʻiz, qozoq, turkman, koreys kabi yuzdan oshiq millat vakillari Toshkent koʻchasi boʻylab boshlangan xalq sayliga oshiqdilar. Turli millat va elatlarning bir oila farzandlaridek yonma-yon shaxdam qadam tashlab, xush kayfiyat bilan bir-birini samimiy qutlashi kishi havasini keltiradi. Bu, albatta, mehmondoʻst, bagʻrikeng, bunyodkor, sanʼatsevar xalqimiz kabi begʻubor va qadriyatlarga boy boʻlgan Navroʻzning oʻziga xos shukuhi hamda anʼanasidir. Bu yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, farovon turmush, yuksalish, mehr-oqibat tantanasidir.

Umumxalq sayli Toshkent yoʻli koʻchasida joylashgan viloyat boshqarma va tashkilotlari binolari oldida tiklangan sahnalarda, tuman va shaharlar uchun ajratilgan maxsus maydonchalarda katta tantana bilan davom etdi. El ardogʻidagi taniqli sanʼatkorlar, soʻz ustalari, xalq artistlari va mashhur teatr namoyandalari ishtirokidagi bayram dasturlari chor-atrofga shodlik kuy-qoʻshiqlarini taratdi.

Barcha bayram dasturxonlari bahoriy taomlar, pazandalar tortiq qilgan pishiriq va shirinliklar bilan limmo-lim toʻldi.

Parkent, Boʻstonliq, Bekobod, Boʻka, Angren, Oqqoʻrgʻon, kabi hududlar aholisining oʻziga xos milliy urf-odatlari, anʼanalari, sanʼat namunalari, yalla va laparlari bayram tantanalariga uygʻunlashib, ajib manzara kasb etdi.

Viloyat hokimligi roʻparasidagi amfiteatr atrofida esa uzoq-yaqin qishloqlarda yashab ijod qilayotgan musavvirlar, hunarmandlar, naqqoshlar, tikuvchi va chevarlarning qoʻl mehnati mahsuli boʻlmish ajoyib sanʼat namunalari koʻrgazmasi namoyish etildi.

Bugun Navroʻz ayyomi shodiyonalari viloyatning barcha tuman va shaharlarida koʻtarinki ruhda davom etmoqda. Muhtojlar, keksalar, bemorlar xonadoniga tashrif buyurilib, mehr-muruvvat ulashilmoqda.

Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер