Ulugʻ yoʻl kutayotganda, sustkashlik jinoyatdir

14:11 31 Yanvar 2020 Jamiyat
1690 0

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasini koʻpchilik qatori katta bir umid va chanqoqlik bilan kuzatdim. Unda tilga olingan qaysiki soha boʻlmasin, avvalo, tub ildizidagi maqsad xalq farovonligi, jamiyat taraqqiyotiga qaratilganligi quvontirdi.

Bugun Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil qadam qoʻydi.

Qaysi bir sohani olmaylik, katta oʻzgarishlar, yangilanishlar va bularning asosida qonun ustuvorligi, insonlarning huquq va erkinligini taʼminlash, xalq roziligi, uning farovonligi uchun katta va keng miqyosdagi harakatlar boshlanganining guvohi boʻlib turibmiz. Eng quvonarlisi, bu jarayonda xalqimizning oʻzi yangicha tafakkur, yangicha munosabat bilan jarayonlarda masʼuliyat his etib, faol ishtirok etayotganidir.

Barqaror taraqqiyot haqida soʻz ketganda, hamisha matonatli yapon xalqini koʻz oldimizga keltiramiz. 1945-yilda Xirosimaga atom bombasi tushgan, Nagasaki koʻkka sovurilgan damda, dunyoning koʻpgina mamlakatlari “bu yer qargʻish urgan manzilga aylandi, hali beri bu zaminda rivojlanish boʻlmaydi”, deya taxmin etishgandi. Ollohning moʻjizasi va faqatgina yapon xalqining matonati, oʻz yurtiga boʻlgan cheksiz muhabbati sababli oradan ikki yil oʻtib, bu “qargʻish tekkan” zaminda daraxtlar ilk bargini chiqardi. Bugun 120 milliondan oshiq aholi yashaydigan Yaponiyada ochlik ham, kambagʻallik ham yoʻq. Farovonlikda yaponlar Amerikadan oʻtsa oʻtadiki, kam emas. Vaholanki, bu zaminda hech bir yer osti zaxirasi, na neft, na koʻmir na-da gaz bor. Bu yurtning eng katta boyligi – Hazrati insondir. Oʻz xalqiga boʻlgan insoniy mehr, insoniy munosabat bor. Ularning yaxshi yashashi va faoliyati uchun yaratilgan keng imkoniyatlar bor.

Oʻzbek xalqimiz, mehr-u oqibatda, insoniy qadriyatlarning boyligi va saxovatda, millatparvarlikda yapon xalqidan oʻtsa oʻtadiki, kam emas. Faqat birgina masala, ularga yaratilajak imkoniyatda.

Murojaatnomani tinglar ekanmiz, uning zamirida Kunchiqar yurtdan kam boʻlmagan yaratilajak imkoniyatlar koʻz oldimga keldi. Matonatli va mehnatkash xalqimizning necha yillik orzulari, umidlari ijobatini koʻrdim. Murojaatnoma zamiridagi asosiy maqsad, bu xalqimizning hayot darajasi turmush farovonligi, asosiysi uning milliy yuksalishi sari yangi odimlar qoʻyishga qaratilgan.

Murojaatnomada 2020-yilning ustuvor yoʻnalishlari – ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyot ekanligi aytib oʻtildi. Bu yilda bogʻcha yoshidagi bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini 60%ga yetkazish rejalashtirilmoqda. Yangi maktablar, shu jumladan xususiy maktablarni qurish, mavjudlarini taʼmirlash davom ettiriladi. Oʻqituvchilarning malakasini oshirish va ularning mehnatiga haq toʻlash masalasi hal etiladi. Yangi professional taʼlim tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Maktab bitiruvchilarini oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2020-yilda kamida 25%ga va kelgusida 50-60%ga yetkazish lozim. Oliy oʻquv yurtlariga talabalar qabul qilish davlat grantlari 2 barobar koʻpaytiriladi. Qizlar uchun alohida grantlar ham ajratilishi koʻzda tutilgan.

Har qanday davlatning ertangi taraqqiyoti ikki ustunga tayanadi, bu iqtisodiyot va maʼnaviyat ustunlaridir. Maʼnaviyat, maʼrifati yuksalmagan har qanday davlat inqirozga yuz tutadi. Shunday ekan, avvalo yoshlarimizga bu sohada keng yoʻl ochib berish, ehtiyoj va manfaatlarini taʼminlash, ularni hayotda oʻz oʻrinlarini topishga madadkor boʻlish bugunning eng dolzarb vazifasidir. Maʼrifatli, maʼnaviyati yetuk farzandlarimizning oʻz fikri, oʻz mustaqil soʻzi, asosiysi oldiga qoʻygan yuksak maqsadlari boʻladi. 2020-yilni “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilinishida ham oʻziga xos mazmun mujassam.

Murojaatnomaning eng taʼsirli va qanchadan-qancha insonlarga umid baxsh etgan yana bir qismi, bu endi mamlakatimizda uzoq vaqtdan beri doimiy asosda yashab kelayotganlarning barcha fuqarolar singari jamiki huquqlardan foydalanishlari uchun imkoniyat yaratilganidir. 1995-yilgacha Oʻzbekistonga kelgan va shundan buyon istiqomat qilayotgan shaxslarga Oʻzbekiston fuqaroligi avtomatik tarzda berilishi darkor, deyiladi Murojaatnomada. Shu tariqa 50 mingga yaqin yurtdoshlarimizning fuqarolik bilan bogʻliq muammolari hal etiladi.

Men uzoq oʻn-oʻn besh yillardan buyon oilaviy tadbirkor Maqsuda opa va uning oilasini yaxshi bilaman. Millati oʻzbek, mustaqilligimizning ilk yillaridagi talotoʻplar sabab Qirgʻizistondan ona yurtiga koʻchib kelishgan. Oilasi, farzandlari tinch, turmushi farovon boʻlsa-da, hamisha suhbatlashganimizda bir armon yuragini kemirar va har gal shu dardidan soʻz ochar edi. “Biz-ku keksayib qoldik, oʻz vatanimizda oʻzimiz begona boʻlib umrimiz oʻtdi. Nahotki, farzandlarimizni ham shu qismat kutib turgan boʻlsa, shu yurtning farzandiman, deya koʻkrak kerib nafas olish baxti ularga ham nasib etmasa”. Opa shu muammosi sabab koʻp eshiklarga bosh urganini va har gal umidsiz qaytganini soʻzlardi.

Murojaatnomani tinglab boʻliboq, Maqsuda opaga sim qoqdim.

– Maqsuda opa, eshitdingizmi? Nihoyat koʻp yillik armonlaringiz ushaladigan, muammolaringiz hal boʻladigan boʻldi. Xursandmisiz, opa?

Goʻshakning narigi tomonidan sado kelmadi, faqat ogʻir xoʻrsiniq va tinimsiz yigʻi ovozi eshitilardi. Bu Maqsuda opaning sevinch koʻzyoshlari edi.

Buyuk gruzin farzandi, davlat arbobi va shoiri Shota Rustaveli asarlarini oʻqiyotganimda shunday misralarga koʻzim tushgandi, “Ulugʻ yoʻl kutayotganda, sustkashlik jinoyatdir”.

Nazarimda, bugun mana shu shior har birimizga daxldor. Shu yurtni Vatan deb bilgan har bir yurtdoshimiz, Prezidentimiz atrofida jipslashmogʻimiz, taraqqiyot yoʻlida kamarbasta boʻlmogʻimiz, bu muqaddas vazifa har birimizning sharafli va muqaddas burchimizga aylanmogʻi lozim.

Zilola XOʻJANIYOZOVA,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер