Ukrainaga NATO aʼzoligi berilsa, isteʼfoga chiqaman — Vladimir Zelenskiy
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukrainaga NATOga aʼzolik huquqi berilsa, egallab turgan prezidentlik lavozimidan ketishini maʼlum qildi. Bu haqida “Al Jazeera” nashri xabar berdi.
“Ukrainaning NATOga aʼzo boʻlishi, men oʻz oldimga qoʻygan vazifamni bajarganimni anglatadi”, — degan Zelenskiy.
Shuningdek, Ukraina yetakchisi AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Oq uydagi mojaroli muzokaralariga qaramay, Qoʻshma Shtatlar bilan foydali qazilmalar boʻyicha bitim imzolashga tayyorligini ham maʼlum qilgan.
“Oʻtmishda sodir boʻlgan voqealarga qaramasdan, bizning AQSh bilan siyosatimiz davom etadi. Biz bitim tuzishga rozimiz, umid qilamanki Qoʻshma shtatlar ham bunga monelik qilmaydi”, —degan u.
Shuningdek, Zelenskiy jurnalistlar bilan suhbati chogʻida Donald Tramp bilan munosabatlarni saqlab qolish mumkinligiga va uning maʼmuriyati Kiyevga yordamni toʻxtatmasligiga ishonch bildirgan.
“Oʻylaymanki, AQSh va Ukraina oʻrtasidagi munosabatlarimiz davom etadi. Oʻzaro hamkorligimiz yaqinda boʻlib oʻtgan muzokaralar chogʻida aytilgan gaplardan ustunroq deb bilaman. Ukraina dunyodagi eng katta davlat emas, lekin uning mustaqillik uchun qanday kurash olib borayotganini butun dunyo koʻrib turibdi”, — deydi Zelenskiy.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq, Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt AQSh Ukrainaga yuborilayotgan har qanday harbiy yordamni toʻxtatgani haqida maʼlumot bergan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring