Uyimizda tunda ham “quyosh” charaqlab turadi — Salomat Xoʻjayeva
Foto: “Xalq soʻzi”
Navoiy viloyatining Karmana tumanidagi Ziyokor mahallasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi Salomat Xoʻjayevaning xonadonida uch oydan oshibdiki, elektr energiyasi taʼminotida uzilishlar yoʻq. Boisi ushbu oila aprel oyida mamlakatimiz Prezidentining 2023-yil 16-fevraldagi “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori asosidagi “Quyoshli xonadon” dasturi boʻyicha kichik quvvatli quyosh panellari oʻrnatib, muqobil elektr energiyasi taʼminotiga ega boʻldi.
— Har gal pensiya tushishi bilan elektr energiyasi va tabiiy gazning pulini toʻlardim, — deydi S. Xoʻjayeva. — Nasib etsa, mana endi oʻzim elektr energiyasi sotaman, har tugul qoʻshimcha daromad ham boʻladi. Eng muhimi, uyimizda tunda ham “quyosh” charaqlab turadi. Bu moʻjizaning oʻzginasi.
“Ziyokor” mahallasida 15 ga yaqin xonadon sohibi va sohibalari Salomat aya kabi ushbu yangilikdan minnatdor. Sababi, bir oila olti kVt quvvatli quyosh panellarini oʻrnatsa, energiya xarajatlarini tejash va ortiqchasini sotish evaziga kreditni besh-olti yilga qoldirmay yopib qoʻyishi mumkin. Qolgan 15 yil esa sof daromad keltiradi.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash joiz, joriy yil Navoiy viloyatida quvvati 77,2 MVt boʻlgan quyosh panellarini oʻrnatish rejalashtirilgan boʻlib, shu kunga qadar 345 ta ijtimoiy soha obyekti, 420 ta tadbirkorlik subyektlarida hamda 716 ta aholi xonadoniga quvvati 12,6 MVtli quyosh panellari oʻrnatildi. Obyektlar soniga nisbatan umumiy rejaning 80 foizi foydalanishga topshirilgan.
Xonadonida kichik hajmdagi qayta tiklanuvchi energiya manbasidan foydalanib kelayotgan Karmana tumani, “Buyuk Ipak yoʻli” MFYda yashovchi Ulugʻbek Yoʻldoshevning taʼkidlashicha, muqobil energiya beminnat va qulay ekan.
— Shunga qaramay xonadonimizda elektr energiyasidan tejab foydalanishga harakat qilamiz, —deydi U. Yoʻldoshev. – Sababi, tejab qolingan ortiqcha energiyani sotamiz, bu boʻyicha elektr taʼminoti korxonasi bilan shartnomamiz bor.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra yurtimizda quyosh energiyasining salohiyati 51 milliard tonna neft ekvivalentiga tengdir. Bu ushbu muqobil energiya manbasidan ishlab chiqarish va xalq xoʻjaligi tarmoqlari bilan birga aholi xonadonlarida foydalanish mamlakat iqtisodiy barqarorligi hamda hududlar ekologiyasi musaffoligini taʼminlashda koni foyda hisoblanadi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring