Uyi obodning koʻngli obod

15:58 04 Oktyabr 2022 Jamiyat
1117 0

Foto: Xalq so‘zi

Nurota tumanining Sentob qishlogʻi oʻziga nomdosh soyning ikki tarafi yoqalab Fozilmon togʻi etaklarida qariyb oʻn kilometrga choʻzilgan. Qishloq ahlining hovlilari soy suviga yaqinroq qurilgan. Yagona koʻcha va ichki yoʻl esa, tepalikdan ilon izi hosil qilib tortilgan, bora-bora goʻyo osmonga tutashib ketadigandek tuyuladi.

Yoʻl bosib, ildamlagan sayin soy va uylar tik qoyalar bagʻrini tilib chiqqan dov-daraxtlar ortiga bekinadi. Ahyon-ahyonda zilol suvning oftob bilan koʻz qisib olishidan qanchalik tepaga koʻtarilganingizni bilish mumkin.

Sentob yurtimizning bir vaqtga yilning toʻrt fasli xislatlarini jamlagan qadim qishloqlaridan. Qishloq tepasidagi “Balandi Umar” hududida qoya toshlarga oʻyilgan V-VI asrlarga oid bitik va petrogliflar, undan yuqoriroqdagi koʻhna qoʻrgʻon qoldiqlari bundan dalolat beradi. Mahalla oqsoqoli Murodjon Mirzoyevning taʼkidlashicha, soʻnggi tadqiqotlarga koʻra qishloq uch ming yillik tarixga ega, degan xulosaga kelingan.

— Uch ming yillik tarixda qishlogʻimiz oʻz tashvishi bilan oʻzi ovora yashagan desam, ayni haqiqatni aytgan boʻlaman, — deydi M. Murodov. — Keyingi oʻttiz yilda ham kiraverishdagi (homiylik asosida) qurilgan kutubxonani aytmasak, infratizimda bir gʻisht qoʻyilgan emas. Ochigʻini aytish kerak, qishloqdagi taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarini aytmasak, odamlarning bandligini taʼminlaydigan tashkilot ham boʻlgan emas. Kimdir chorva saqlab, chorbogʻ tutib, kimdir togʻdan zira, mumiyo terib roʻzgʻorini tebratgan boʻlsa, kasb-hunarning boshini tutganlar turli hududlarga koʻchib ketishgan.

Yangi tariximizda inson qadri, uning manfaatlari ustuvor tutila boshlagach, bu yangilanishlar epkini Sentobda ham odamlar hayoti, turmush tarzi va dunyoqarashida ajabtovur oʻzgarishlar yasadi. Qishloq ahlining qadim urf- odatlari, oʻziga xos ekoiqlimi sabab turizm Sentobda oʻsish nuqtasi sifatida tanlanib, sohada tadbirkorlik ravnaqiga eʼtibor qaratildi. Mehmonxonalar, dam olish maskanlari barpo etildi.

— Sayyohlik rivoji uchun, tabiiyki qulay infratizim, munosib transport va energiya kommunikatsiyasi tarmoqlari zarur, — deya davom etadi M. Mirzoyev. — Qishlogʻimizning shu maʼnoda joriy yilgi “Obod qishloq” dasturiga kiritilishi bu borada yillar davomida yigʻilib kelgan muammolarga yechim boʻlmoqda. Misol uchun, shu dastur doirasida elektr tarmogʻidagi tayanch ustunlari toʻliq yangilandi. Uchta yangi transformator stansiyasi oʻrnatilib, yana ikkitasi kapital taʼmirdan chiqarildi. Besh kilometr yoʻl kengaytirilib, hozircha 1,5 kilometriga asfalt yotqizildi, yoritish moslamalari oʻrnatildi.(oxirigacha yetkaziladi) 12 kilometrlik ichki yoʻllarga shagʻal bosildi. Qishloqdagi uchta maktabning ikkitasi kapital taʼmirlandi, bittasiga 96 oʻquvchi oʻrinli qoʻshimcha bino qurildi. Uchta koʻprik, turistlar markazi, dam olish maskani, sunʼiy qoplamali futbol maydonchasi va turli xizmat koʻrsatish nuqtalari yaratildi.

Bugun Sentobda 23ta oilaviy va 3ta xususiy mehmonxona faoliyat koʻrsatib, qishloq ahlining 130 nafarga yaqini sayyohlik sohasida mehnat qiladi. Odamlarning dimogʻi chogʻ.

Joriy yil Navoiy viloyatining Sentobga oʻxshash 22 ta aholi maskanida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida keng koʻlamdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda viloyat boʻyicha jami 334,4 mlrd.soʻm (shundan, respublika byudjeti – 121,6 mlrd.soʻm, mahalliy byudjet va uning qoʻshimcha manbalari – 133,1 mlrd.soʻm, tarmoq korxonalari – 26,8 mlrd.soʻm, tashabbuskor tadbirkorlar va aholi – 52,8 mlrd.soʻm,, homiylar – 6,8 mlrd.soʻm) limit mablagʻi belgilangan edi.

— Dastur boʻyicha rejalashtirilgan 135 ta obyekt uchun loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, barchasiga davlat ekspertiza xulosasi olinib, obyektlarning tenderi oʻtkazildi, — deydi viloyat hokimligi yetakchi mutaxassisi Sheroz Tursunov. — Oʻtkazilgan tender natijalariga koʻra, qurilish ishlarining umumiy qiymati 293 mlrd.soʻmni tashkil etib, bugungi kunga qadar 253 mlrd.soʻmlik (86%) qurilish-taʼmirlash ishlar bajarildi.

Dasturga asosan ijtimoiy soha obyektlaridan jami 49 ta, jumladan 12 ta MTT, 16 ta umumtaʼlim maktabi va 7 ta tibbiyot muassasasi hamda 14 ta MFY binolarini qurish va taʼmirlash rejalashtirilgan boʻlib, shu kunga qadar ularning 30 tasida bunyodkorlik ishlari yakunlandi. Shuningdek, rejadagi 166 kilometrlik ichimlik suv tarmoqlaridan 145kilometrida, 364 kilometrlik elektr tarmoqlaridan 324 kilometrida, 24,5 kilometrlik tabiiy gaz tarmoqlarida toʻliq taʼmirlash va yangilash ishlari nihoyasiga yetkazildi. Aloqa va axborotlashtirish tizimida esa, reja ortigʻi bilan, 101,2 foiz etib bajarildi.

— Eli, uyi obodning koʻngli ham obod boʻladi, — deydi sentoblik taʼlim faxriysi Adham Arabboyev. — Koʻngli obod inson har doim qaysi sohada boʻlmasin, ezgulikka, yaratishga intiladi. “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari mana shu orqali qancha-qanchadan odamlarimizning diliga quvonch, ertangi kunga ishonch tuygʻularini olib kirganligini bir tasavvur eting.

Qoʻshimcha qilish joiz, dastur tufayli shu kunga qadar Navoiy viloyatining 93ta aholi yashash manzillari obodlik sari yuz tutdi. Mazkur dastur viloyat markazidan 150 – 400 kilometr olislikdagi Sentob, Juzquduq, Mingbuloq, Ayaquduq kabi qishloq va ovullarda istiqomat qilayotgan ming-minglab yurtdoshlarimiz qalbiga davlatdan, oʻtayotgan har bir kunidan rozilik kayfiyatini olib kirdi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер