Uygʻoq qalbli yurtdoshlarimiz uchun yana bir minbar

11:05 04 Yanvar 2024 Jamiyat
788 0

Yangi yilning ilk kunida “Jadid” gazetasining birinchi soni chop etildi.

Prezidentimiz 2023-yil 22-dekabrda oʻtkazilgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida Oʻzbekiston Oʻzuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, “Shahidlar xotirasi” jamoat fondlari hamda jamoatchilik vakillarining “Jadid” nomli yangi gazeta va uning elektron versiyasini tashkil etish haqidagi tashabbusini qoʻllab-quvvatlagan edi. gʻoyat qisqa fursatda ushbu nashr xalqimiz va ziyolilarga yangi yilning tuhfasi oʻlaroq dunyo yuzini koʻrdi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda mamlakatimizda XX asr boshlarida xalqimizni ozodlik va ilm-maʼrifat uchun kurashga chorlagan, Vatan istiqboli yoʻlida jon fido qilgan millatimiz oydinlari — jadid bobolarimiz hayoti hamda faoliyatini chuqur oʻrganish, keng targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu bejiz emas, albatta. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi gʻarb ilm-fani yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur.

Ana shu ezgu maqsad yoʻlida bugun yurtimizda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 31-avgust — Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni sifatida keng nishonlanyapti. “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi va jamoat fondi, QataQon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarda hududiy boʻlimlari faoliyat olib bormoqda. Buxoro shahridagi tarixiy maskanda Jadidchilik tarixi muzeyi tashkil etilyapti.

Bu murakkab davr tarixiga oid ilmiy va badiiy asarlar, koʻp jildli xotira kitoblari nashr qilinyapti. Badiiy va hujjatli filmlar, koʻrsatuvlar tayyorlanib, namoyish etilayotir. Xalqaro konferensiyalar, koʻrgazmalar va davra suhbatlari, xotira kechalari, seminarlar muntazam oʻtkazilmoqda.

Atoqli maʼrifatparvarlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanmoqda. Ularning aziz nomlari bilan ataladigan yodgorlik majmualari, taʼlim muassasalari, muzeylar, bogʻ va xiyobonlar barpo qilinmoqda. Mustabid tuzum qatagʻoniga uchragan vatandoshlarimiz nomi oqlanyapti.

Prezidentimizning “Jadid” gazetasi jamoasi va mushtariylariga yoʻllagan tabrigida taʼkidlanganidek, oʻtmishda jadidchilik harakati markazlaridan biri sifatida shuhrat qozongan Vatanimizda shu nomda yangi gazetaning faoliyat boshlayotgani bu boradagi ishlarimizning yana bir amaliy natijasi, tarixiy adolat tantanasi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Nashrda Oʻzbekiston xalq shoiri, atoqli ijodkor Iqbol Mirzoning “Muharrir minbari” rukni ostidagi “Birlashmoq davri” sarlavhali bosh maqolasida mazkur yangi nashrning mazmun-mohiyati, maqsad-muddaolari, yoʻnalishi oʻz ifodasini topgan. Unda Prezidentimizning: “Tarixdan maʼlum: Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari — uygʻoq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, sanʼat namoyandalari, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar”, degan soʻzlari shunchaki tarixiy maʼlumot emas, balki biz uchun jiddiy chaqiriq ekanini har birimiz teran anglashimiz shart”, deb yozadi muallif.

Bosh muharrirning qayd etishicha, “Jadid” gazetasi ana shunday jasoratli ziyolilar uchun asosiy minbarga aylanishi uchun bel bogʻlagan va bu borada barcha jonkuyar, fidoyi yurtdoshlarimizni ijodiy hamkorlikka chorlaydi.

Yangi nashrning aynan ana shunday vazifani koʻp yillar ado etib kelgan “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi negizida tashkil etilganida nafaqat ramziy, avvalo, chuqur tarixiy maʼno, vorisiylik tuygʻusi bor. Shu maʼnoda, ikki jilgʻa birlashib, katta bir daryoga aylanadi, deb ishonamiz.

Gazeta sahifalaridan buyuk maʼrifatparvar bobolarimizning millatni isloh etishga oid Qoyalari, asarlaridan namunalar, shuningdek, “Davr ruhi”, “Oyina”, “Jamiyat”, “Zamon jadidlari”, “Taklif”, “Mulohaza”, “Tamaddun”, “Boqiy meros”, “Fikr maydoni” kabi ruknlar ostida taniqli adabiyotshunoslar, yozuvchilar, publitsistlar, olimlar, tarixchilarning ilmiy-ommabop maqolalari joy oldi.

Nashr jadid bobolarimizning “Tilda, fikrda, ishda birlik!” degan qutlugʻ soʻzlarini shior qilib olgan. Bu har bir yurtdoshimizni mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida ezgu maqsadlar roʻyobi yoʻlida jipslashishga, bir yoqadan bosh chiqarib, bir musht boʻlib oldinga intilishga chorlaydi.

Dilshod KARIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер